Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo’yicha prorektorlari tajriba almashish maqsadida QarDU ga tashrif buyurdi

Samarqand davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Shahzoda Negmatova va universitetning yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlari Samarqand viloyatidagi barcha oliy ta’lim muassasalarining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlari bilan birga Qarshi davlat universitetiga tashrif buyurdi. Undan ko’zlangan asosiy maqsad o‘zaro tajriba almashish, birgalikdagi aloqalar ko‘lamini kengaytirishdir.
Mehmonlar Qarshi davlat universitetining yangi qurilgan o‘quv binolari, ilmiy va o‘quv laboratoriya xonalari, sport majmualari hamda talabalar turar joylari bilan tanishdilar. Ayniqsa universitetda tashkil etilgan yangi situatsion markaz barchada iliq taassurot qoldirdi.
– Yoshlarni tarbiyalash masalalari borasida ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi juda muhim jarayon hisoblanadi, - deydi SamDU yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Shahzoda Negmatova. - Bugungi tashrifda Qarshi davlat universiteti o‘quv jarayonlari va shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishish bilan bir qatorda talabalarning ta’lim olish sharoitlarini o‘rganish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish, eng asosiysi, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan barkamol tarbiyalashda birgalikda faoliyat olib borish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Ayniqsa, universitet o‘quv jarayonlarini tashkil etish va nazorat qilish tizimi faoliyatini raqamlashtirishning o‘ziga xos ifodasi bo‘lgan situatsion markaz menda ijobiy taassurot qoldirdi.
Tashrifning keyingi qismida mehmonlar Qashqadaryo viloyati qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida bo‘lib, muzey faoliyati, tarixi hamda uning tarkibida ish yuritadigan Qarshi davlat universitetining tarix bo‘yicha ilmiy kengash faoliyati bilan tanishdi.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.