Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakultetida iqtisod fanlari nomzodi, dotsent, xalq ta’limi a’lochisi Akram Shahidi tavalludining 85 yillik yubileyi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori,  professor Ahmadjon Soliyev kirish so‘zi bilan ochib, Akram Shahidining fizika-matematika sohasida tutgan o‘rni haqida samimiy fikrlarini bildirdi. Shundan so‘ng fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Sayfiddin Amriddinov so‘zga chiqib, Akram Shahidining ilmiy-pedagogik faoliyati, amaliy matematikada amalga oshirgan tadqiqotlariga alohida to‘xtaldi.

    – Akram Shahidi matematika ilmining noyob darg‘alaridan, - deydi Sayfiddin Amriddinov. - Domlaning iqtisodiyot tadqiqotlarida zamonaviy matematik metodlar va ularni xalq xo‘jaligini rivojlantirish masalasiga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirgan ilmiy ishlari ilm-fanimiz uchun yangilik edi.  Akram Shahidi hisoblash matematikasi, dasturlash, optimallash metodlari bo‘yicha 50 dan ortiq darslik va qo‘llanmalar muallifi. Bu kitoblar hali-hanuz talabalar uchun asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.