Tom ustidagi tadqiqot: 9 qavatli binoda joylashgan shamol tezligini o‘lchovchi anemorumbometr haqida bilasizmi?

Samarqand davlat universiteti gidrometeorologiya kafedrasi olimlari tashabbusi bilan o‘rnatilgan ushbu uskuna shamol yo‘nalishi va tezligini baholash uchun mo‘ljallangan. Ushbu uskuna yordamida ob-havo ma’lumotini oldindan bilish mumkin.
Anemorumbometr hozirgi vaqtda 45 metr balandlikka o‘rnatilgan bo‘lib, u shamolning yo‘nalishi va tezligini baholaydi. Mazkur uskunadan Iqtisodiy zonalar barpo etish, fabrika zavodlar qurish, dehqonchilik, yangi inshootlar barpo etish, ob-havo ma’lumotlarini aniqlashda foydalaniladi.
Samarqand davlat universiteti gidrometeorologiya kafedrasi o‘qituvchisi Odilbek Mirzayevning ma’lumot berishicha, ushbu anemorumbometr olingan barcha ko‘rsatkichlarni mavjud usullar bilan indikator qurilmasiga yuboradi. Indikator ma’lumotlarni ro‘yxatga olish uchun o‘zida aks ettiradi. Ana shunday tarzda jarayon davom ettiriladi.
Mazkur texnika yordamida bugungi kunga qadar bir qator tadqiqotlar olib borildi. Xususan, Samarqand davlat universiteti olimlari tomonidan “Samarqand viloyatining shamol energiya resurslari va ularni kartalashtirish” nomli monografiya nashr ettirilib, ilmiy jamoatchilikka havola etildi.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.