Samarqand davlat universiteti olimalari

Samarqand davlat univeristeti organik kimyo kafedrasi dotsenti Dilbar To‘rayeva universitetning faxriy olimalaridan. Organik kimyo mutaxassisligi bo‘yicha kimyo fanlari nomzodi. Olimaning ilmiy faoliyati nazariy va sintetik organik kimyo sohasidagi fundamental tadqiqotlardir. Ilmiy ishlarini muvaffaqiyat bilan olib borishi natijasida organik kimyoning ion-radikallar sohasida yangi reaksiya usullarini kashf qilgan. Mazkur kashfiyot organik kimyo faniga qo‘shilgan ulkan yutuq hisoblanib, jahon kimyo jamiyati tomonidan tan olingan. Dilbar To‘rayeva Nyu-York Fanlar akademiyasi a’zosi. AQShning Triniti universitetida ma’ruzalar o‘tgan. Rossiya, Italiya, Fransiya, Belgiya, Yaponiya, Koreya, Avstraliya kabi davlatlarda o‘tkazilgan kimyo bo‘yicha xalqaro konferensiya va simpoziumlarda ishtirok etgan. Kimyo yo‘nalishida 160 dan ortiq maqolalar va organik kimyo fanidan bir qator darslik, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar muallifi. Uzoq yillar jahon kimyogar olimlari bilan yangi radikal ionli organik reaksiyalar va fiziologik faol birikmalar va kimyoviy reagentlarni sintez qilish usullari bo‘yicha grant loyihada ish olib borgan.