Xalq ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, umumta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayonlari 20-iyundan boshlanadi.

    Maktablarga biriktirilgan mikrohudud bo‘yicha qabul jarayonlari joriy yilning 20-iyunidan 31-iyuliga qadar amalga oshiriladi.

    Umumta’lim maktablarining o‘quvchi o‘rni, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlanganligi, sinf xonalarining o‘quv mebellari bilan jihozlanganligidan kelib chiqib, umumta’lim maktablarining bo‘sh o‘rinlariga mikrohududdan tashqari qo‘shimcha qabul jarayonlari 2022-yilning 1-15-avgust kunlari amalga oshiriladi.

    Shuningdek, ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning markazidagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari electron shaklda amalga oshiriladi.

    Qolgan hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)laridagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul an’anaviy shaklda, ya’ni bevosita maktabda amalga oshiriladi.

    Shu o‘rinda yana bir bor eslatib o‘tamiz! Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, umumta’lim maktablarining 1-sinfiga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.

    Ya’ni, yangi 2022-2023 o‘quv yilida 2015-yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar 1-sinfga qabul qilinadi.

    Qabul jarayonlari haqida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun maktab ma’muriyatiga murojaat qilishingiz mumkin, - deyiladi vazirlik xabarida.