Samarqand miniatyura maktabi izdoshi

Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Bahodir Xamraqulov noyob iste’dod sohibi. Yaqinda o‘tkazilgan “Nafis san’at sehri” ko‘rgazmasida uning 40 dan ortiq ishlari namoyish etildi. Shu kungacha 100 dan ziyod ijodiy ishlari bilan ko‘plab xalqaro va respublika tanlovlarida faol ishtirok etgan. Xususan, xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivalida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. O‘tgan yili Rossiyada o‘tkazilgan “World of young creators” V xalqaro san’at forumida 3-o‘rinni egallagan. Shuningdek, “Kamoliddin Behzod izdoshlari” ko‘rik tanlovi gran-pri sohibi , “Eng yosh hunarmand” ko‘rik tanlovi g‘olibi.
– San’at men uchun qalbimdagi hissiyotlarimni ifodalashning eng go‘zal va qulay yo‘li, - deydi Bahodir Xamraqulov. - Rassom chizgan suratda hissiyot aks etmas ekan u quruq qog‘oz va rangdan iborat matohligicha qolib ketaveradi. Men tasviriy san’atning rangtasvir va miniatyura yo‘nalishlariga qiziqaman. Samarqand miniatyura maktabi namunalarida asosan manzara, o‘simlik va hayvonot dunyosi, mahalliy xalq qiyofalari, milliy liboslari o‘z aksini topgan bo‘ladi. Shuningdek, yana bir o‘ziga xos jihat och va yorqin ranglar ko‘p ishlatiladi. Men ham o‘z miniatyuralarim orqali xalqimizning o‘ziga xos milliyligini aks ettirishga va bu orqali Samarqand miniatyura maktabiga o‘z hissamni qo‘shishga harakat qildim.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati