Samarqand davlat universiteti va Rossiya oliy ta’lim muassasalari hamkorligi

Samarqand davlat universitetiga Qozon federal universiteti xalqaro hamkorlik instituti direktori Ramil Xayrutdinov, “Vatan tarixi” jamg‘armasi ijrochi direktori Konstantin Mogilevskiy hamda Rossiya arxeologiya va tarix instituti vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Ushbu tashrifdan asosiy maqsad universitetlar o‘rtasida aloqalarni yanada mustahkamlash, tarix, arxeologiya, madaniyatlar almashinuvi yo‘nalishlarida manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalaridan iborat.
- Bugungi tashrifimiz Samarqand davlat universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalarning yangi qadami bo‘ldi, - deydi Qozon federal universiteti xalqaro hamkorlik instituti direktori Ramil Xayrutdinov. – SamDU va Qozon federal universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish bilan bir qatorda ikki mamlakat tarixidagi mushtarak jihatlarni o‘rganishga mo‘ljallangan ilmiy tadqiqotlar tashkil etish, arxeologiya, tarix, lingvistika, etnografiya sohalarida talabalar uchun o‘quv va tajriba dasturlari yo‘lga qo‘yishga kelishdik.
Shuningdek, tashrifning keyingi qismida Samarqand davlat universitetiga “Vatan tarixi” jamg‘armasi tomonidan ilmiy-tarixiy kitoblar keltirilishi belgilangan.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.