Qo‘l jangi bo‘yicha Jahon chempioni Nilufar Polvonova: “Sabr, matonat, mustahkam iroda sportchining asosiy quroli”…

Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Nilufar Polvonova, qo‘l jangi sporti bo‘yicha Jahon va ikki karra O‘zbekiston chempioni. O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi.
- Besh yildan buyon ushbu sport bilan shug‘ullanaman. Hozirda sport ustasi, Jahon chempioni Nazir Muyinov murabbiyligi ostida shug‘ullanib kelmoqdaman, - deydi Nilufar Polvonova. – Bolaligimdan jang mashg‘ulotlarini sevib tomosha qilardim. Ushbu qiziqish meni sportga kirishimga sababchi bo‘lgan. Har bir ishning mashaqqati bo‘lganidek, sportchida ham ulkan mas’uliyat bor. Mashg‘ulot jarayonlarida bir qator qiyinchiliklarni yengishga to‘g‘ri keladi. Bu uchun sabr, matonat, mustahkam iroda va doimo yaqinlarning daldasi kerak bo‘lar ekan. Har gal jarohat olganimda ota-onam sportni tark etishimni qat’iy talab qilishgan. Ammo, men hayotimni sportsiz tasavvur qilolmayman. Kuchli sportchilarga doim havas bilan qaraganman, ular kabi bo‘lishga intilganman. Niyatim xolis ekan bularga birin-ketin erishyapman. Shu kunga qadar ikki karra O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. 2019-yil qo‘l jangi bo‘yicha Nargiza Narziqulova Belorusiyda o‘tkazilgan Jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan edi. Biz bir zalda mashg‘ulot olib boramiz. Aynan, men shu kishidek Jahon chempioni bo‘laman deb harakat qildim, intildim. Mehnatlarim samarasida 19-22-may Buxoro shahrida o‘tkazilgan Jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdim. Finalda Qozog‘istonlik raqibim bilan jang qilib g‘alaba qozonganimda, xursandchiligimdan quvonch yoshlarimni to‘xtatolmadim. Meni qo‘llab-quvvatlash uchun kuzatib turgan ota-onamning xursandchiligini ko‘rganingizda edi, go‘yoki dunyoga sig‘may ketishdi. O‘zbekiston Davlat madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz baland ko‘tarilganida sportni to‘g‘ri tanlaganimga va shu yurtning farzandi ekanligimdan faxrlandim, g‘ururlandim. Bu hali boshlanishi, kelajakda o‘z oldimga ulkan maqsadlarni qo‘yganman. Birinchi marta o‘z yurtimda Vatanimiz bayrog‘ini ko‘tardim. Endi esa Jahon bo‘ylab yurt bayrog‘ini ko‘tarib, uning sharafini himoya qilmoqchiman. Buning uchun men doim harakatdaman…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Behruz Shamsiddinov suhbatlashdi,
Shavkat Akramov olgan surat.