Bugun Toshkentdagi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi majlislar zalida “Yangi O‘zbekistonni o‘zimiz, o‘z qo‘llarimiz bilan bunyod etamiz” shiori ostidagi esselar tanlovining yakuniy-respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

    Tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Nodir Xolbo‘taev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, senator Minhojiddin Hojimatov va boshqalar ishtirok etdi.

    Tadbir avvalida mazkur tanlov o‘tkazilishidan asosiy maqsad yurtimizda bo‘layotgan yangilanishlarni, poydevori qurilayotgan Uchinchi Renessansni, katta ko‘lamdagi islohotlarni yoshlar orasida targ‘ib qilish, ulardagi vatanparvarlik ruhini yanada kuchaytirishga qaratilganligi aytib o‘tildi.

    Taqdirlash marosimida Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqannd viloyati kengashi raisi Suhrob Rafiqov, Muxlisa Jalilovaning onasi Muhabbat Nabieva, ilmiy rahbari – Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Dinara Islomovalar Samarqanddagi studiyadan onlayn ishtirok etdilar.

    Tadbir ko‘tarinki va yuqori kayfiyatda o‘tkazildi.

    Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan barcha talabalarga noutbuklar sovg‘a qilindi.

    Xususan, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi, Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi Muxlisa Jalilova mazkur tanlovda munosib ishtirok etib, faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

    O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Sirojiddin Sayyid Samarqand davlat universiteti talabasi Muxlisa Jalilovaga 10 million so‘m uchun sertifikat va noutbukni tantanali ravishda topshirdi.

    - Bugungi tadbir juda hayajonli o‘tdi, - deydi Muxlisa Jalilovaning onasi Muhabbat Nabieva. – Qizimning ushbu yutug‘i oilamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Qizimning bunday yutuqlarga erishishida bobosi va dadasining o‘rni nihoyatda katta. Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovga alohida minnatdorlik bildiraman. U kishi boshchiligidagi universitet jamoasi mening qizim kabi yoshlarga ajoyib imkoniyatlar yaratib bermoqda. Barcha tadbir tashkilotchilariga rahmat aytaman.

    - Bugungi esselar tanlovida shogirdim Muxlisa Jalilova faxrli uchinchi o‘rinni egalladi, - deydi Muxlisaning ilmiy rahbari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Dinara Islomova. – Bu universitetimizda o‘z fikriga ega bo‘lgan talabalarga, bilimga bo‘lgan e’tiborning yuksak namunasi deb bilaman. Bizning universitetimizda yaratilgan ilmiy-ijodiy muhit keng dunyoqarashga ega bo‘lgan yoshlarning yetishib chiqishiga xizmat qilmoqda.

    Tadbirda so‘z olgan ishtirokchilar O‘zbekiston yoshlarini qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotchilarga o‘z minnatdorligini bildirdi. Bunday tanlovlarning soni endilikda yanada ko‘payishiga umid bildirdilar.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.