10 ga yaqin bo’sh ish o’rni yaratgan Samarqand davlat universiteti talabasi bugun 100 dan ortiq o’quvchilarga ingliz tilidan dars bermoqda

Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti 2-bosqich talabasi Muxlisa Temirova ingliz tili o‘qitish metodikasi yo‘nalishida ilmiy tadqiqot olib boradi. Uning shu kungacha 5 dan ortiq ilmiy maqolalari AQSh, Italiya, Fransiya kabi davlatlarning nufuzli ilmiy nashrlarida chop etilgan. “Active youth summit” yoshlar sammiti ishtirokchisi. 2021-yil may oyida “International students conference” talabalar biznes rejalari anjumanida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shundan keyin Samarqand shahrida “Bog‘bon” o‘quv markazini tashkil qilgan. Mazkur o‘quv markazda 10 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, hozirda 50 ga yaqin o‘quvchilar ijtimoiy-gumanitar va aniq fanlar bo‘yicha tahsil oladi. Muxlisaning o‘zi ham 100 dan ortiq o‘quvchilarga ingliz tilidan dars beradi.
– Chet tillarini o‘rganishga yoshligimdan qiziqaman, - deydi Muxlisa Temirova. - Shuning uchun Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetining xorijiy tillar yo‘nalishini tanladim. Chet davlatlar ta’lim tizimi, uslublari meni juda qiziqtiradi. Shuning uchun dastlabki ilmiy tadqiqotim sifatida xorij va O‘zbekiston ta’lim tizimi qiyosini o‘rganishga harakat qilmoqdaman. Hozirda ingliz tili bilan bir qatorda fransuz tilini ham o‘rganyapman. Avgust oyida Campus France tomonidan tashkil etilgan ta’lim dasturi doirasida Parijda bo‘lib o‘tadigan bir haftalik kurslarda qatnashmoqchiman. Kelgusida ilmiy faoliyatimni yanada rivojlantirib, magistratura bosqichini chet elda davom ettirish niyatim bor.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.