Samarqand davlat universiteti va Fransiya oliy ta’lim muassasalari hamkorligi davom etmoqda

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Fransiyaning O’zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Campus France” axborot markazi bugungu kunda Fransiyaning Puate, Sorbonna universitetlari kabi 10 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’ygan.
Mazkur axborot markazi talabalarga fransuz tilida bepul ta’lim berish bilan birga, Fransiya oliy o’quv yurtlaridagi muhit, o’quv jarayonlari, ta’lim shakllari haqida ma’lumot beradi.
- “Campus France” markazi talabalarimiz orasida chet tillarni o’rganishga bo’lgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi, - deydi markaz direktori Nigora Negmatova. – Yaqinda Fransiyaning Parij shahrida o’tkazilgan xalqaro forumda ishtirok etdik. Forum doirasida Fransiyaning bir qator universitetlari professor-o’qituvchilari bilan suhbatlashganimizda ular Samarqandni tarixdan bilishlarini, bu mashhur shaharning universitetini ko’rish istaklari juda ham yuqori ekanligini aytishdi.
- Men kelajakda o’qishimni Fransiyada davom ettirmoqchiman, - deydi SamDU talabasi Muxlisa Temirova. – Bo’sh vaqtimni chet tillarini o’rganishga sarflayman. Markazimizda Fransiya ta’lim tizimi, talabalarning darsga qanday tayyorgarlik ko’rishlaridan tortib, universitetlarda o’tkaziladigan turli ilmiy konferensiyalar va bayramlar haqida ma’lumot beriladi. Shuningdek, bu yerda tashkil etilgan bepul fransuz tili kurslari men kabi yoshlar uchun ayni muddao.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.