“Oddiy muallim”

Samarqand davlat universiteti professori Kibriyo Hasanova bilan suhbat
Ziyoli ayollarning hayoti, erishgan muvaffaqiyatlari hamisha jamiyat e’tiborida. Bugungi suhbatdoshimiz Samarqand davlat universiteti pedagogika kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari nomzodi, professor Kibriyo Hasanova. Olima shu vaqtga qadar maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati, bolalar psixologiyasi, pedagogika nazariyasi yo‘nalishlarida namunali faoliyat yuritib kelmoqda. “Pedagogika”, “Pedagogika tarixi va nazariyasi”, “Pedagogika nazariyasi asoslari”, “Pedagogika antologiyasi”, “Tarbiya ishlari metodikasi”, “Talaba yoshlarni oilaviy munosabatga tayyorlashning pedagogik asoslari”, “Pedagog mahorati”, “Umumiy pedagogika”, “Ijtimoiy pedagogika”, “Oila qurish odobi”, “Talaba yoshlarda sharqona oila odobini shakllantirishning pedagogik psixologik shart-sharoitlari”, “Sharqona oila odobi” kabi darslik va kitoblar muallifi. “Olima ayollar” uyushmasi a’zosi. “Ta’lim fidoyisi” ko‘krak nishoni, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 30 yil” esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. 2018-yilda Janubiy Koreyaning Donguk universitetida malaka oshirib qaytgan. Koreya maktabgacha ta’lim yo‘nalishi o‘qituvchilari bilan hamkorlikda talabalar uchun o‘quv rejalari tuzgan.
– Ilm sohasini tanlashingizga asosiy sabab nima bo‘lgan?
- Ilm-fan yo‘lini tanlashimga sababchi avvalo oilam. Uyimizda otamning mingdan ortiq kitoblarni jamlagan kutubxonasi bo‘lardi. Shu kutubxonaga kirib olib kitob o‘qib o‘tirish eng sevgan mashg‘ulotim edi. Vaqt o‘tib ulg‘aydik, hayotga bo‘lgan qiziqishlarimiz, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz asta-sekinlik bilan o‘zgarib bordi. Ammo kitobga, ilmga bo‘lgan mehrim o‘sha-o‘shaligicha qoldi. Bu mehr meni Samarqand davlat universitetining rus filologiyasi sari yetakladi. Universitetda o‘qish davomida nomdor davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldim, ilmiy tadqiqotimni davom ettirdim. Bakalavrni tugatib, tahsilni pedagogika fakultetida davom ettirdim. “O‘zbek, tojik, qirg‘iz adabiyoti namunalarini o‘rganish jarayonida talabalarni mukammal tarbiyalash” mavzusida nomzodlik dissertatsiyamni himoya qildim. Shu vaqtgacha pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha tayyorlagan 30 dan ortiq o‘quv va uslubiy ishlarim nafaqat universitetimiz talabalari, balki Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona davlat universitetlari pedagogika yo‘nalishlari talabalari hamda umumta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun ham asosiy zaruriy adabiyot sifatida xizmat qilmoqda.
– Ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan uchta asosiy omil?
- Birinchi muhim omil - bu maqsad. Odamda maqsad bo‘lsa, yashashida ma’no bo‘ladi. Ikkinchisi oila. Ayol uchun oila u suyanishi mumkin bo‘lgan, uni qo‘llab-quvvatlaydigan maskan bo‘ladi. Uchinchisi, aql. Ayol kishi ko‘proq yuragiga quloq solib ish tutadi. Ko‘p hollarda bundan pand yeydi. Shuning uchun hissiyot bilan emas, aqliga tayanib ishlashi kerak. Shunda u hayotda qoqilmaydi.
– Armoningiz bormi?
- Armonim qizim yo‘qligi...Allohga shukr, ikki nafar o‘g‘lim bor. Kelinlarim qizimday. Ammo qiz farzand baribir boshqacha.
– Shu kungacha jamiyatdagi o‘rningizni topa oldingizmi?
- Bu narsani insonning o‘zi emas, jamiyat belgilaydi. Jamiyatning sizga bo‘lgan munosabati, e’zoz-ardog‘i unda o‘rningiz bor-yo‘qligini ko‘rsatib qo‘yadi. Bugun jamoatchilikning menga bo‘lgan munosabatini ko‘rib qaysidir ma’noda topa oldim deyishim mumkin.
– Oxirgi marta qachon yig‘ladingiz?
- Tug‘ilgan kunimda...
– Tug‘ilgan kuningizda sizni yig‘latishdimi?
- Bu quvonch ko‘z yoshlari edi. Shvetsiyada o‘qiydigan bir shogirdim bor. U menga bildirmasdan tug‘ilgan kunimga atab maxsus tabrik va sovg‘alar yuborgan. Bu syurprizni ko‘rganimda shodlikdan ko‘zlarimga yosh keldi.
– Agar hayotingizni rasm ko‘rinishida tasavvur qilsak, unda qanday ranglar bo‘ladi?
- Ko‘k va kulrang.
– Hayotda hamisha nimaga intilib yashaysiz?
- Oddiylikka... Oddiylikda buyuklik bor, deyishadi. Men hayot halovatini oddiylikda topaman. Mashhurlika, buyuk bo‘lishga hech qachon harakat qilmayman. Mansab, martaba, ilmiy daraja va unvon degan narsalar ikkilamchi tushuncha. Hayotda eng muhimi – inson bo‘lish! Shu kungacha ozmi-ko‘pmi nimagadir erishgan, jamiyat nazdida fan nomzodi, professor unvonlariga sazovor bo‘lgan bo‘lsam ham men o‘zimni oddiy muallim deb hisoblayman.
–Ilm-fan yo‘lidan ketish umidida bo‘lgan xotin-qizlarga, yosh ayol tadqiqotchilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
- Bugun jamiyatimizda ziyoli ayollarning yuksak ma’naviyatli avlod tarbiyalashdagi o‘rni nihoyatda katta. Shuning uchun ilm yo‘lidan ketaman, ziyoli bo‘laman degan har bir qizni qo‘llab-quvvatlash kerak. Bu borada qizlarimizdan ham maqsadi yo‘lida qat’iyatli, o‘z sohasida kuchli bilimga ega bo‘lish talab etiladi. Orzu va maqsad bo‘lgan bilan harakat bo‘lmasa hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Bu yo‘ldan ketmoqchi bo‘lgan qizlarimga avvalo, sabr, omad va kuch tilayman. Maqsadingiz yo‘lida harakatdan to‘xtamang.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.