Samarqand davlat universitetida “Innowomenweek” ixtirochi xotin-qizlar innovatsion haftaligi doirasida anjuman o’tkazildi

Samarqand davlat universitetida viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda universitet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi hamkorligida “Innowomenweek” ixtirochi xotin-qizlar innovatsion haftaligi doirasida anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni SamDU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov kirish so‘z bilan ochib, haftalikning asosiy maqsadi va yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shundan so‘ng viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova innovatsiya sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-texnik salohiyatini oshirish, ularni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishda olima xotin-qizlarning o‘rni haqida ma’ruza qildi.
Shuningdek, anjumanda ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil qilish, ishlab chiqarish sohalarida innovatsion yondashuv masalalari yuzasidan o‘z sohasida ilmiy faoliyat olib borayotgan olimalar, faol magistr va talaba qizlarning ma’ruzalari tinglandi.
Tadbir yakunida xotin-qizlarning ilmiy va innovatsion sohalarda erishayotgan yutuqlari tahlil qilinib, ushbu sohada faollik ko‘rsatayotgan ayol va qizlar tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.