Raqamli texnologiyalar fakulteti talabalari Mahbuba Salimova hamda Gulhayo Hamzayevalar Polshada bo‘lib o‘tadigan “Perspektywy women in Tech 2022” loyihasida ishtirok etish grantini qo‘lga kiritgani haqida avval ham ma’lumot bergan edik. Quyida ushbu sammitning asosiy maqsad va yo‘nalishlari, ishtirok etish shartlari haqida to‘xtalamiz.

    “Perspektywy women in Tech” sammiti har yili dunyoning 130 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirokida tashkil etiladi. Unda, asosan, axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan talaba qizlar, dasturlash sohasida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etadilar. Shuningdek, jahonning professional IT dasturchilari, olimlar, Start-UP sohasida faoliyat yuritayotgan liderlar ham ishtirok etishi belgilangan. Iyun oyida Polshaning Varshava shahrida o‘tkaziladigan ikki kunlik sammitda ishtirokchilar dasturlash, kibertexnologiya, kosmik texnologiya, raqamli axborotlashtirish, sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarda soha mutaxassislarining  ma’ruza va treninglarida qatnashishadi.

    – Polsha dasturchilar sammiti dunyoning eng nufuzli dasturchilar tayyorlashga mo‘ljallangan loyihalaridan biri, - deydi ishtirokchi Mahbuba Salimova. – Sammit dasturchi bo‘lishni istagan qizlarga dunyoning eng nufuzli IT kompaniyalarida faoliyat olib borayotgan nufuzli dasturchilar bilan jonli muloqot qilish, fikr va tajriba almashish imkoniyatini beradi. Unga ishtirokchi sifatida qabul qilinganim men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Ayni paytda sammitning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha xorijiy tildagi bilimlarni mustahkamlamoqdaman.

    Ma’lumot uchun sammitda Google, Intel, Cisco, UBS, Amazon, Goldman Sachs kabi nufuzli kompaniyalar vakillari qatnashishi belgilangan. Ishtirok etmoqchi bo‘lgan qizlardan kamida bitta chet tilini bilish va dasturlash sohasi bo‘yicha boshlang‘ich ma‘lumotga ega bo‘lish talab qilinadi.

 

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.