Samarqand davlat universiteti talabasi stratosferaga ultrazamonaviy nanoyo’ldosh uchirishda ishtirok etdi
Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti talabasi Ozoda Inoyatillo “UniSat”ning navbatdagi loyihasi ishtirokchisi bo‘ldi. E’tiborlisi, loyihaning bu galgi tadqiqoti O‘zbekistonda amalga oshirildi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro UNICEF jamg‘armasi, “Tech4Impact” NNT va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan loyihada “UniSat”ning final bosqichi ishtirokchilaridan iborat 20 nafar qizlar jamoasi Navoiy viloyati hududida havo tarkibi va tozaligini tekshirish maqsadida o‘zlari yasagan ultrazamonaviy nanoyo‘ldoshni stratosferaga uchirdi. Nanoyo‘ldosh qariyb 12 km balandlikka ko‘tarildi va yuqori tezlik va aniqlikda olingan axborotlarni yerga uzatdi. Olingan ma’lumotlar tegishli mutaxassislar va ilmiy jamoatchilik tomonidan ilmiy tahlil qilindi.
- “UniSat” - shunchaki loyiha emas. Bu bilimlar bir yerga jam bo‘lgan nuqta, ilm-fandagi qizlar uchun juda katta va muhim imkoniyat, - deydi Ozoda Inoyatillo. - Nanoyo‘ldoshning O‘zbekistonda uchirilganligi fanimiz uchun muhim yangilik bo‘ldi. Biz nanoyo‘ldosh olgan ma’lumotlarni tahlil qilib, O‘zbekiston iqlimi va muhitiga xos ko‘plab foydali meteorologik xususiyatlarni aniqladik.
Ma’lumot uchun “UniSat”ning navbatdagi dasturiga arizalar qabul qilish jarayoni joriy yilning kuz faslidan boshlanadi. Unda ishtirok etish istagida bo‘lgan 3D modellashtirish, kosmik texnologiya va nanoyo‘ldoshlarni loyihalashga qiziquvchi barcha qizlar ariza topshirishlari mumkin.





Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.

