Samarqand davlat universiteti: transchegaraviy mintaqalar - hamkorlik imkoniyatlari va muammolari
2022 yil, 5-6 may kunlari Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Geografiya jamiyati, Rossiya geograf-o‘lkashunoslar jamiyati (ARGO), Qirg‘izistonning Osh davlat universiteti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalardagi transchegaraviy hududlar: hamkorlik imkoniyatlari va muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
Insoniyat yangi ming yilliklar bo‘sag‘asida g‘ayritabiiy o‘zgarishlar, o‘simlik va hayvonot dunyosining mavjudligi bilan bog‘liq misli ko‘rilmagan muammolarga duch keldi. Afsuski, o‘tgan asrning ikkinchi yarmida amalga oshirilgan yirik transchegaraviy daryolar oqimini o‘ylamay tartibga solish, ekologik jihatdan ifloslangan sanoat obyektlarini barpo etish, ekstensiv qishloq xo‘jaligini yuritish mintaqamizni ekologik halokat yoqasiga olib kelgan Markaziy Osiyoda ham, afsuski, bu tahdidlar keskin namoyon bo‘la boshladi.
Buning yaqqol tasdig‘i qurib borayotgan Orol dengizining halokatidir. Deyarli bir avlodning ko‘z o‘ngida betakror go‘zal dengiz shiddat bilan qurib borayotgan suv havzasiga aylandi. Uning qurigan tubi aholi salomatligi va genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Qishloq xo‘jaligi yerlari, o‘simlik dunyosi va faunasining degradatsiyasiga olib kelmoqda.
Bugun barchamizning oldimizda muhim vazifa – tabiatni hozirgi va kelajak avlod uchun asrab-avaylash vazifasi turibdi.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda xalqimizning orzu-intilishlarini inobatga olgan holda, xalqaro ekologik tashkilotlar, yirik olimlar bilan hamkorlikda tabiatni asrash, atrof-muhitni muhofaza qilish, transchegaraviy hududlar tabiiy resurslaridan hamkorlikda foydalanish, iqtisodiy aloqalar, yaqin qo‘shnichilik, savdo-sotiq, xalqaro logistika kabi muammolarni ilmiy asosda yechimini topishni hayotning o‘zi taqoza etmoqda.
Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va o‘zaro ishonchni kuchaytirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida hal etishning muhim mexanizmi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil noyabr oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining doimiy maslahatlashuv uchrashuvlarini tashkil qilishni taklif qildi va bu tashabbus mintaqa mamlakatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi 2018-yil 15-mart kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Sammitda siyosiy, savdo, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, turli tashqi tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo nafaqat geografik va geosiyosiy, balki yagona madaniy va sivilizatsiya makoni, deb e’lon qilindi.
Yagona tabiiy makonda inson xo‘jalik faoliyatining tabiatga ko‘rsatayotgan ta’siri tufayli unda ayrim transchegaraviy muammolar, jumladan, geotizimlar komponentlari o‘zgarib bormoqda. Tabiiy geosistemalarda yuz berayotgan o‘zgarishlar va evolyutsion jarayonlar asta - sekin miqdoriy o‘zgarishlardan sifatli o‘zgarishlarga o‘tib, yangi-yangi antropogen geotizimlarni vujudga keltirmoqda va ularning barqaror rivojlanishiga shart-sharoitlar yaratib beradi.
Shu bilan birga Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalardagi transchegaraviy hududlarda sof ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar ham mavjud. Bunday masalalarga transchegaraviy hududlarning tabiiy resurs salohiyatini aniqlash, hududlarning ekologik vaziyatlarini barqarorlashtirish, energiya va xomashyo muammolarini birgalikda hal etish, turistik va rekreatsiya resurslaridan samarali va maqsadga muvofiq foydalanish, quruqlik ekosistemalarini muhofaza qilish va tiklash, ulardan oqilona foydalanish, o‘rmonlarni ratsional boshqarish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlarning degradatsiyasini to‘xtatish va biologik xilma-xillik yo‘qolishining, arizona elementlari migratsiyasining oldini olish, yerlardan xo‘jalikning turli maqsadlarida foydalanishda, qishloq xo‘jaligi yuritishda funksional-dinamik bog‘liqlik qonuniyatidan foydalanib turli xo‘jalik maqsadlarida tadqiq etish o‘ta dolzarb masalalardan hisoblanadi.
“Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalardagi transchegaraviy hududlar: hamkorlik imkoniyatlari va muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi, qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa xorijiy mamlakatlarda olib borilayotgan transchegaraviy hududlarning barqaror rivojlanishiga bag‘ishlangan turli ko‘lam va mavzudagi geografik tadqiqotlarning tajribalari, dolzarb muammolari va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish, geografik tadqiqotlar borasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, iqtidorli yosh olimlarni istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarga jalb qilishdan iborat. Konferensiyada quyidagi muammolar bo‘yicha ish olib boriladi:
- Transchegaraviy hududlarni tadqiq etishning ilmiy-nazariy va uslubiy asoslari;
- Transchegaraviy suv va gidroenergetika resurslaridan oqilona foydalanish;
- Transchegaraviy ekologik muammolarni yechish va tabiatni muhofaza qilishning ilmiy-amaliy asoslari;
- Xalqaro transport va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish omillari, muammolari va istiqbollari;
- Transchegaraviy hududlarda rekreatsiya va turizmni rivojlantirish imkoniyatlari, tajribalari va muammolari;
- Xalqaro migratsiya jarayonlari va ularni tartibga solish masalalari;
- Transchegaraviy hududlarni kartalatirishda zamonaviy GAT-texnologiyalardan foydalanish.
Xalqaro anjumanda Rossiya Federasiyasidan Moskva, Oltoy, Minsk, Almati, Aqto‘be Osh, Tojik davlat pedagogik universitetidan olimlar ishtirok etishi rejalashtirilgan.
“Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalardagi transchegaraviy hududlar: hamkorlik imkoniyatlari va muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ishtirokchilari ushbu muammolarning yechimini topish, Markaziy Osiyo davlatlari hamkorlikligini yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilab berish bo‘yicha o‘zlarining ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarini ishlab chiqadi, deb umid qilamiz.
Aliqul Ravshanov,
Samarqand davlat universiteti
geografiya va ekologiya fakulteti dekani, dosent.
Quvondiq Yarashev,
SamDU geografiya va tabiiy resurslar
kafedrasi mudiri, dosent.

