Adolat istaydigan odamning o‘zi adolat talablariga amal qilishi kerak emasmi?
Zarnews internet nashrida 2022-yil 11-may kuni e’lon qilingan tanqidiy materialga Samarqand davlat universiteti Axborot xizmatining munosabati
Arastu : “Menga do‘stlarim ham, haqiqat ham qadrli, ammo burch haqiqat tarafida bo‘lishni taqozo qiladi”, deb yozgan edi...
Maqolada Guldona Ahmedovaning to‘lov-kontrakt pullarini o‘z vaqtida to‘lay olmaganligi va buning oqibatida Samarqand davlat universiteti talabalari safidan chiqarilganligi aytilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan 2022-yil 1-yanvardan boshlab moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilganligini ma’lum qilamiz.
Ushbu vakolat doirasida, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Ilmiy Kengashining 2022-yil 25-fevraldagi 8-sonli bayonnomasi asosida 2021-2022 o‘quv yilining birinchi yarmi uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 2022-yil 25-mart kuniga qadar uzaytirilgan.
Barcha belgilangan muddatlarda shartnoma shartlarini bajarmagan talabalar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-apreldagi № 360-sonli qarori ilovasining 36 - “E” bandiga asosan “o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli” talabalar safidan chiqariladi.
Guldona Ahmedova to‘lov-kontrakt pulini to‘lash bo‘yicha universitet bilan tuzgan shartnomasini sinchiklab o‘qimagan, undagi “Talabaning majburiyatlari” deb nomlanuvchi qismidan umuman xabari yo‘q yoki shartnomaning ushbu qismida keltirilgan huquqiy normalarni tan olishni hohlamasdan, ijtimoiy muammolarini vaj qilib keng jamoatchilik diqqatini o‘ziga qaratmoqchi bo‘lgan.
Keling shu o‘rinda aslida nima bo‘lganligini qo‘limizdagi hujjatlar asosida ko‘rib chiqaylik :
Birinchidan, Guldona Ahmedova 2021-yilning 15-sentabr sanasiga qadar to‘lov-kontrakt pulini 25 foizini (1 849 476 so‘m ) to‘lagan bo‘lishi kerak edi. Amalda mazkur muddatda bir so‘m ham to‘lamagan.
Ikkinchidan, 2022-yil 1-yanvar sanasiga qadar Guldona Ahmedova to‘lov- kontrakt pulini 50 foizini ( 3 698 952 so‘m ) miqdorida to‘lashi kerak edi. Amalda 1 700 000 so‘m to‘lagan.
Uchinchidan, 2022-yilning 1-aprel holatiga Guldona Axmedova to‘lov-kontrakt pulini 75 foizini (5 548 428 so‘m) miqdorida to‘lashi kerak edi. Amalda u 3 040 642 so‘m miqdorida kontrakt puli to‘lagan.
Endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring-chi adolat istayotgan Guldona Ahmedovaning o‘zi to‘lov-kontrakt shartnomasini qaysi shartini o‘z vaqtida, talab qilingan miqdorda bajargan. Ming afsuski yuqorida keltirilgan ma’lumotlarning birortasi arizachining foydasiga xizmat qilmaydi. Shu o‘rinda kim haqu kim nohaq ekanligini ajratib olishni ya’ni hakamlikni zukko o‘quvchiga qoldiramiz.
Adolat istaydigan odamning o‘zi ham adolat talablariga so‘zsiz amal qilishi zarur, deb o‘ylaymiz. O‘zi o‘qiydigan va o‘zi ishlaydigan dargohni yomonotliq qilish, nohaq bo‘la turib, haqman deyish insoniylik qonun-qoidalariga ham to‘g‘ri kelmaydi.
Zarnews internet nashri ma’lumotlarni har tomonlama tekshirib keyin e’lon qilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deb o‘ylaymiz. Bu borada Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati barcha OAV bilan hamkorlik qilishga tayyor.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.

