Samarqand davlat universiteti: AQSH oliy ta’lim muassasalari bilan huquqshunoslik sohasida kadrlash tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID)ning yuridik masalalar bo‘yicha mutaxassisi Zulfiya Islamova tashrif buyurdi. SamDU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov va yuridik fakulteti dekani Rahmatulla Mirzayev bilan olib borilgan muzokaralarda huquqshunos mutaxassislar tayyorlovchi ta’lim muassasalarining salohiyatini oshirish, xalqaro huquq sohasida kadrlar tayyorlash, bu borada AQSH universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, universitetning yuridik fakulteti talabalari uchun “USAID” bilan hamkorlikda xalqaro umumiy huquq o‘quv kurslarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan bir qatorda talabalar nazariy bilimlarining amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda ularning jismoniy va yuridik shaxslarga beg‘araz yuridik maslahatlar ko‘rsatishi bilan bog‘liq faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlash maqsadida yuridik klinika tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.