Maxsus Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati uchun

    Diqqat yangi rukn: Qalb va qalam

    Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti bitiruvchisi, taniqli jurnalist, mahoratli yozuvchi, noshir, adabiyot ixlosmandlari uchun yaxshi tanish bo‘lgan “Jumboq”, “Qiyofa o‘g‘risi”, “Notanish”, “Tohir Malik gurunglari” kabi asarlar muallifi, o‘zbek teletomoshabinlari uchun sevimli bo‘lgan “Ali va Aliya” teleseriali ssenariy muallifi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Anvar Namozov “Qalb va qalam” loyihasining navbatdagi mehmoni.

    Suhbatdoshimiz “Oltin qalam”gacha chekilgan jurnalistlikning “oltin” mashaqqatlari, bugungi davr jurnalistikasining zaif tomonlari va uni bartaraf etish yo‘llari, bugungi adabiy jarayon haqidagi keskin fikrlari bilan bo‘lishdi.

    Avvalo, «Oltin qalam» milliy mukofotiga loyiq ko‘rilganingiz bilan tabriklaymiz. Mukofot sovrindorligi taassurotlari bilan bo‘lishsangiz. Bu jarayon qanday bo‘ldi?

    - Tabrik uchun rahmat! Menimcha, bu mukofotni har bir ijodkor orzu qilsa kerak. Taassurotlarga kelsak, bir olam. Men tanlov uchun hujjatlarni topshirish muddati tugashiga bir hafta qolganida ishga kirishdim. Materiallar bor edi-yu, ularni tanlov hay’atiga topshirish xayolimda ham, rejamda ham yo‘q edi. Bir urinib ko‘ray-chi, deb ishlarimni topshirdim. Maqolalar har holda «tosh bosadigan» edi. Shu bois g‘oliblikka umid uyg‘ondi. Haligacha meni sahnaga chaqirishgani, qo‘limga «Oltin qalam» haykalchasini tutqazishgani xayolimda bot-bot aylanaveradi. Tanlov o‘tkaziladigan kuni ertalabdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. «Bir kelib-keting», deyishdi... Xullas, «Oltin qalam» oldim. Negadir buni oddiy qabul qildim. Ammo shunaqangi ko‘p tabriklar yog‘ildiki, o‘sha kuni kechqurun va ertasiga kun bo‘yi minnatdorchilik bildirishimga to‘g‘ri keldi. Bu jarayon hozirgacha davom etyapti.

    – Ijodingizda qanday yangiliklar bor, adabiyot ixlosmandlariga qanday yangiliklar tuhfa qilish niyatidasiz?

    Men har qanday ijodkor ko‘p qirrali bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Faqat ma’lum yo‘nalishda qotib qolmay, turli janrlarda qalam tebratishni joiz deb bilaman. Badiiy ijod, jurnalistika, kino, teatr, hammasida urinib ko‘raverish kerak. Afsuski, bugungi kun tashvishlari ijodkorni ishga mahkam bog‘lab qo‘yadi, ijodga vaqt ham, imkoniyat ham ajrata olmaydi. Ko‘pchilikda shunday.  Ba’zilar aytishi mumkindir, ijod ilhom kelganda bo‘ladi, deb. Masalan, shoir Muhammad Yusuf ilhom degan tushunchani tan olmagan. «Shoir nimadandir ko‘ngli to‘lsa, nimadandir ozorlansa she’r yozadi. She’r tup­roqqa aralashib yotadi. Uni topib, artib-surtib uyga olib kelasan», degan ekan bir intervyusida.

    Mening nazarimda, ilhom degani yozib boshlaganingizda keladi. Masalan, «Ali va Aliya» teleseriali ssenariysini qog‘ozga tushirishimdan oldin, tabiiyki, hech nima yo‘q edi. Andak g‘oya bor edi, xolos. Uni shakllantirish, boyitish, keng qamrovli qilish kerak edi. Bu esa miya orqali amalga oshiriladi. Ammo miya ham aksar hollarda o‘ylay boshlasangiz, nimadir berishi mumkin. Kallaga tuyqus nimadir kelishi ham, asosan, sa’y-harakatlar tufayli ro‘y beradi. Men qat’iyat bilan yozishga kirishgach, Xudoyim qahramonlar va ularning hayoti haqida voqea, syujet, dialog va kuch-quvvat berdi.

    Shu kunlarda «Intiqom soati» nomli teleserial ssenariysini boshlaganman. O‘zbeklarning jaydari tilda gaplashuvchi qatlami uchun komediya yozish rejam ham bor. «Hindistonlik kelin» nomli komediyam sahnalashtirilgan edi. Shuni 25 qismli serial qilib yozishni o‘ylab yuribman. Bundan tashqari maqolalar yozib turibman. O‘rni kelganda tarjima bilan ham shug‘ullanyapman.

    – Sizni ba’zilar jurnalist sifatida bilsa, ba’zilar yozuvchi sifatida taniydi. O‘zingizni ko‘proq kim sifatida yod etishlarini istaysiz?

    - Meni ikkala jabhada ham tilga olishlarini istar edim. Ammo ko‘pincha yozuvchilik ustunlik qilgandek tuyuladi o‘zimga. O‘tgan yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilindim. Ammo bu jurnalistikadan yiroqlashish, degani emas. Men universitetni tugatgach, bevosita gazetada ish boshlaganman. Keyin esa salkam 10 yil mobaynida kattagina gazetada bosh muharrir bo‘lib ishladim. Hozir xabar.uz mualliflaridan biriman, ushbu sayt bilan muntazam aloqadaman. Yuqorida aytganimdek, kino, teatrni ham chetga surib bo‘lmaydi. Meni qisqagina qilib yozuvchi, jurnalist, ssenariynavis, dramaturg, noshir deyishsa bo‘ladi.

    – Talabalik yillaringiz Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida o‘tgan ekan. Bu haqda nimalar deya olasiz? Bugungi erishganlaringizda universitetimizni qay darajada baholagan bo‘lardingiz?

    - Ha, men Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida tahsil olganman. Bu dargoh men uchun nihoyatda qadrli. Avvalo, shuning uchunki, Samarqand davlat universitetida mening ota-onam o‘qigan. Ular shu dargohda bir-birlari bilan topishib, turmush qurganlar. Men ota-onamning izlaridan borib, aslo kam bo‘lmadim. Eng avvalo, SamDU kabi mo‘tabar oliy dargohda o‘qidim. Ulug‘ ustozlardan saboq oldim. Bu go‘shada o‘tgan besh yilim, haqiqatan, oltinga teng yillarim bo‘ldi. Kurs rahbarimiz Ilhom Hasanov judayam mohir ijodkor edi. Afsuski, biz hali o‘qishni tugatmasdan avtohalokat tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Dekanimiz Nuriddin Shukurov bag‘oyat nozikta’b, zukko domla edi. Valixo‘jaev domla Navoiy bobomiz ijodiy faoliyatidan ma’ruza o‘qib charchamasdi. Isroil Mirzaev, Saydulla Mirzaev, Behbudiy domla, Bekmurod Yo‘ldoshev, Qo‘ng‘irov domla, Hojimetov domlalar ajoyib edilar. Baribir ko‘ngil to‘lmaydi. Shunday ulug‘ insonlardan ko‘proq saboq olishimiz, qadriga yetishimiz kerak edi, deb o‘ylab qolaman.

    Talablik – sarkashlik davri ham ekan. Gohida do‘stim Abduvali bilan darslardan, ijodiy uchrashuvlardan qochib, sayrlarga, kinolarga borardik. Paxta dalalarida «javlon urganlarimiz» hamon esimda...

    Bugun nimalarga erishgan bo‘lsam, SamDUning o‘rni beqiyos. Men uchun bunday dargoh boshqa yo‘q. Chunki uning bag‘rida ulug‘ ustozlarimiz yashab o‘tganlar. Ming afsuski, ularning ko‘plari hayotdan ko‘z yumib ketishgan. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin, ruhlari shod bo‘lsin.

    – Bugungi o‘zbek jurnalistikasining qanday zaif tomonlari bor deb o‘ylaysiz, sizningcha ularni qay tarzda bartaraf etish mumkin?

    – Jurnalistikamizning eng zaif tomoni, bu – qo‘rqoqlik. Vaholanki, sohada eng katta omil ulkan jur’at, kuchli jasorat bo‘lishi kerak. Ko‘pchilik jurnalistlar o‘z ishining ustasi emas, ular gazeta va internetdagi sahifalarni yoki efirni shunchaki to‘ldirishni uddalayapti, xolos. Haqiqiy jurnalist esa doim eng qaynoq nuqtalarda bo‘ladi. Xo‘sh, ayting, qaysi o‘zbek jurnalisti xorijdagi urush o‘chog‘iga boribdi? Hech kim! Hali-beri bormaydiyam! Bizning jurnalistlar matbuot anjumanlarida savollarni do‘ndirib berishi mumkin, xolos. Keyin tahlilga zo‘r beradi. Tanqid qilish kerak bo‘lsa, umumiy fikrlar beriladi. Shuning uchun ham bugun feleton, pamflet degani anqoning urug‘i bo‘lib ketdi. Dadil jurnalistlar bor, ammo juda kam.

    Jurnalistikamizdagi yana bir zaiflik – aksariyat qalamkashlar savodsiz. Ular oddiy imlo qoidalari, hatto kelishik qo‘shimchalarini ham bilishmaydi.      Tuzgan jumlalari nochor va g‘aliz. Zaif tomonlari yana bisyor.

    Xo‘sh, nima qilish kerak? Jurnalistlarning oylik maoshi, qalam haqlari keskin oshirilishi shart! Ana shundan so‘ng sohada eng dadil, mohir, tajribali jurnalistlarni qoldirish kerak bo‘ladi. Ammo men yaqin orada bunday bo‘lishiga umid ham qilmayman.

    – Jahon jurnalistlaridan kimlarni kuzatib borasiz?

    - Men jahon jurnalistlaridan ko‘ra, xorij adiblarini ko‘proq kuzataman, ularning ijodiga tez-tez murojaat qilaman. O‘rni kelganda asarlarini o‘zbek tiliga o‘girib turaman. Masalan, o‘tgan yili «O‘zbekiston» nashriyotidan Yuriy Oleshaning «Zavist» asarini o‘zbek tiliga o‘girib berishimni iltimos qilishdi. Vaqtim bo‘lmasa-da, nashriyotning iltimosini rad etolmadim. Chunki avvallari dadam ular bilan hamkorlik qilib, bir nechta asarlarni tarjima qilib bergandilar. Vafotlaridan keyin rad etsam, nashriyotdagilar ranjishlari mumkin edi. Ishga kirishdim. Keyin qisqa fursatda «Hasad» kitob bo‘lib chiqdi.

    – Sizni tanqid qilishsa qanday munosabat bildirasiz? O‘zingiz ham jurnalist sifatida tanqid qilib turasizmi?

    - Har qanday asarni tanqid qilish mumkin. U yaxshi hikoyami, qissa yoki romanmi, jilla qursa, «sub’ektiv faktorning ob’ektiv kulminatsiyaga degradatsion ta’siri» (Abduqayum Yo‘ldosh metaforasi) borasida xohlagancha po‘stagini qoqish mumkin», degandim «Tohir Malik gurunglari» nomli kitobda.

    Darhaqiqat, shunday. Mana, kechagina dasturxon ustidagi uch kishilik mashvaratimizda ikki suhbatdoshim Chingiz Aytmatov qalamiga mansub «Jamila»ning avra-astarini ag‘darishdi. Bundan ikki-uch oy avval esa to‘rtta nobakor ijtimoiy tarmoqda Qodiriyning «O‘tkan kunlari»ni tanqid nishoniga oldi. O‘z vaqtida Oybekning «Oltin vodiydan shabadalar» va «Navoiy» romani ham achchiq tanqid qilingan edi. Ancha yillar avval esa Oybek Qodiriyning «O‘tkan kunlar»ini keskin tanqid qilgan.

    Menga kelsak Xudoga shukr, jurnalistikada ham, adabiyotda ham ozgina bo‘lsa-da, o‘zimga yarasha mavqeim bor. Men bu bilan maqtanmoqchi emasman, aytmoqchimanki, meni tanqid qilishsa qilishsin, ammo hasad qilishmasa bo‘lgani. Maqolalarimga kelsak, ularning aksariyati tanqidiy mavzuda. Ayniqsa, «Zarafshon» gazetasida ishlagan kezlarimda «Bo‘yningizdagi kishanni olib tashlang», «Yagona himoyachi», «Televizorni o‘chirishni unutmang» kabi maqolarim va feletonlarim chiqib turgan. Bugun esa asosiy ish faoliyatim yo‘nalishini noshirlikka qaratganman.

    – “Butun umr halovatsiz yashashga tayyor bo‘lganlargina jurnalist bo‘ladi” degan gap bor. Bu fikrga qanday qaraysiz? Jurnalistlik noni haqiqatan ham qattiqmi?

    – Jurnalistning noni juda qattiq. Halovatni istagan odam jurnalist bo‘lolmaydi. Yodimda, gazetada ishlagan paytlarimizda tanqidiy material chiqsa, uning nishonidagi odamlar dod-voy solib kelishardi. Bizni necha martalab yuqoriga yozishgan, sudga berishgan. Uyqusiz tunlarimiz ko‘p bo‘lgan. Jurnalist bo‘lganimizga mingdan-ming pushaymon bo‘lganmiz. Boshqa «xatarli» materiallar yozmaslik, chiqarmaslikka qaror qilganmiz. Ammo keyin yana eski odat «xuruj» qilib qolavergan. Nachora, tanqid bo‘lmasa gazeta yoki saytni hech kim o‘qimaydi. Ustoz Habib Temirov aytardi, gazetaning har bir sonida hech bo‘lmasa bitta tanqidiy maqola bo‘lishi shart, derdi. Yozinglar, men o‘zim sizlarni himoya qilaman, derdi. So‘zida turardi ham. Bugun shunday muharrirlar bormikan? Hayhot, bilmadim.

    – Bugun jurnalistika sohasida jamoatchilikka taqdim qilinayotgan ishlarga odamlarning munosabatini qanday baholaysiz, jamoatchilik munosabati sizni qoniqtiradimi?

    - Jamoatchilik munosabati yaxshi, ko‘z tegmasin. Odamlarning fikri, nuqtai nazari tufayli muammolar ko‘tarib chiqiladi. Yaqin yillargacha hukmron bo‘lib kelgan «propiska balosi»ni jamoatchilik bartaraf etdi-ku, axir! Bunday misollar ko‘p! Afsuski, jamoatchilikning «tishi o‘tmayotgan», qobiqni yorib chiqish qiyin kechayotgan, eski holida qolib ketayotgan masalalar ham borki, ulardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Har qancha ayuhannos solsangu yuqorida pinaklarini buzishmasa, hafsalang pir bo‘ladi-da! Ayniqsa, ayrim amaldorlar faoliyati bilan bog‘liq jamoatchilik fikrining e’tiborga olinmasligi «yuqori»ga nisbatan ishonchni yo‘qotadi.

    Yana bir gap. Hali-hanuz ayrim taniqli shaxslarga nisbatan «zapret»ning borligi hech kimga sir emas. Axir ular ham hamyurtlarimiz-ku, qolaversa, xorijda emas, O‘zbekistonda, biz bilan yonma-yon yashaydilar. Shunday ekan, nega taqiq qo‘yishimiz kerak? Maddohlik qilmaganlari uchunmi, ro‘y-rost yozib, gapirayotganlari uchunmi? Afsus, minbardagi gaplar bilan hayot haqiqati bir-biriga to‘g‘ri kelmaganida achchiq xo‘rsinib qo‘yasan, kishi...

    Adabiy nashrlarda ko‘proq hajviyalaringiz bilan chiqib kelasiz. Ijodingizda ham hajviy hikoyalar talaygina. Bunga sabab jamiyatdagi ayrim illatlarni kulgi ostida tanqid qilishmi yoki boshqa sabab bormi?

    - Hajviyalarim unchalik ko‘p emas. Odamlarga ko‘tarinkilik baxsh etish maqsadida uncha-muncha yozib turaman. Sababi tabiatan hazil-huzulga moyilligimda bo‘lsa kerak. Hajviyalarim internetda ko‘proq tarqalib, o‘quvchini jalb qilgan bo‘lishi mumkin. Ularni tanqiddan ko‘ra, beg‘ubor kulgi, degan bo‘lardim. Ammo siz tilga olgan achchiq kulgi ostiga olingan illatlar ham bor. Masalan, «Ovcharkalar»da rasmiyatchiliklar, «Chap qo‘l»da xushomadgo‘ylik «savalab» o‘tilgan. «Vijdon apparati»da xodimlarning o‘z ishiga mas’uliyatsizligi, no‘noqligi yumor vositasida berilgan. Ushbu hajviyam Rossiya adabiy saytlaridan birida ham e’lon qilingan.

    – Har bir ijodkorning o‘z qalam charxi bo‘ladi, deyishadi. Sizning qalamingizni charxlagan charx nima?

    - Dadam rahmatli farzandlariga doim kitob o‘qitardilar. Ba’zida kechki ovqatdan so‘ng jurnal yoki biror kitobdan parcha o‘qib berardilar. Esimda, hadislar matbuotda endi e’lon qilina boshlanganida ular dadamning og‘izlaridan quloqlarimizga quyilardi. Biz hayrat va tashnalik bilan quloq tutardik. Uyimizda adabiyotga, ijodga moyillik, qiziqish bor edi. Men «charx»ni kitoblarda deb bilaman. Nimani mutolaa qilmayin, o‘zgacha quvvat olaman. Yon-atrofimizda biz o‘qiydigan manbalar shunchalik ko‘pki, ularni mutolaa qilib, go‘zal dunyodan bahramand bo‘lishimiz kerak.

    Afsuski, bugun odamzod internetga bandi bo‘lib qoldi. Kitob o‘qiyotganlar juda kam. Bugun yoshlar tugul kattalar ham mutolaadan uzoqlashyapti.

    – Bugungi Anvar Namozov hayotda va adabiyotda o‘z o‘rnini to‘la-to‘kis topa oldimi?

    - Men bu haqda ko‘p o‘ylayman. Gohida tashvishga ham tushaman. Agar ota-onam meni o‘qitmaganlarida bugun nima ish qilardim, deya shukrona keltiraman. Axir nima bo‘lganda ham erkak kishi o‘zining oilasi, farzandlari uchun mas’ul. Ularni moddiy jihatdan ta’minlashi, o‘qitishi, voyaga yetkazishi kerak. Xudoga shukr, mening oilam hech nimaga muhtoj emas. Xuddi ota-onam kabi men ham farzandlarimni o‘qitdim, o‘qityapman. Demak, hayotda bir muncha o‘z o‘rnimni topganman. Yanada yuqori marralarga intilaman, albatta. Adabiyotda esa hali o‘rnimni topmadim. Chunki ijodimni bir o‘zanga sololganim yo‘q. Anvar Namozov deyilganda, adabiyot ahli jonlanishi, qiziqib qarashi, qolaversa, Wikipediya orqali ism-familiyam chiqishiga erishmadim hali.

    - Hamma janrda, hatto triller bo‘lishiyam mumkin. Faqat she’r emas.

    – Kelgusidagi rejalaringiz?

    - Reja va maqsadlar hech qachon tugamaydi. Ular tugadimi, yashash ham ma’nisiz bo‘lib qolaveradi. Kelgusida farzandlarimning barkamol kelajagini ko‘rishni xohlayman, albatta. Masalan, o‘g‘lim bilan alohida shug‘ullanmoqchiman. Uni institutdagi bo‘sh vaqtida IT mutaxassisligi bo‘yicha ham o‘qitish maqsadim bor.

    Yaqinda yangi adabiy jurnal ochish bo‘yicha hamkorlikka taklif qilishdi. Xudo xohlasa, yangi jurnal chiqarib qolsak ajab emas. Ijoddagi rejalarim borasida yuqorida aytib o‘tdim. Kelgusida dadam rahmatli tarjima qilgan bir nechta kitoblarni chop ettirib, adabiyot ixlosmandlariga taqdim qilmoqchiman. Xullas, maqsadlar bisyor. Hayot poezdi esa jadallashdan sira to‘xtamaydi. Doimo olg‘a yurishda davom etaveradi.

 

Suhbatdosh Iroda BEKMURADOVA,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi