Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetiga Tver davlat universiteti (Rossiya) prorektori, professor Andrey Zinonev va botanika bog‘i direktori, dotsent Yuriy Naumsevlar tashrif buyurdi. Bundan ko‘zlangan maqsad ikkala universitet aloqalarini yanada rivojlantirish va Samarqand davlat universiteti botanika bog’ini qayta loyihalashtirish bo‘yicha fikr almashishdir. Shuningdek talabalarga botanika va zoologiya fanidan ma’ruzalar o‘tish ham rejalashtirilgan.

    - Samarqand davlat universiteti botanika bog‘i o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida tashkil topgan, maydoni 36 gektar. Bog‘da 5000 dan ziyod mevali va manzarali daraxtlar, butasimon, gul o‘simliklari mavjud, - deydi SamDU botanika kafedrasi mudiri, professor Xislat Haydarov. - Ulardan tabiiy va aniq fanlar yo‘nalishiga doir ilmiy ishlarda foydalanib kelinmoqda. Ushbu bog’da O’zbekiston florasiga mansub, o’simliklar va boshqa davlat intraduksiyasilari tashkil etilgan. Qolaversa, antiqa dorivor o’simliklar va Qizil Kitobga kiritilgan o’simliklar o’stiriladi. Faoliyatimizni yanada yangilash va rivojlantirish maqsadida xorijiy Botanika bog’lari tajribalarini o‘rganib chiqyapmiz. Shu maqsadda Tver davlat universitetidan mutaxassislarni jalb qilganmiz. Hozirda bu olimlar bilan hamkorlikda SamDU Botanika bog’ini qayta tiklash loyihasini ishlab chiqyapmiz. Bu yer nafaqat bog’, balki ilmiy laboratoriyalarni ham tashkil qilish rejamizga kiritilgan.

    - Samarqand davlat universitetiga ilk bor tashrif buyurdim. Bu yerdagi muhit bilan tanishar ekanman, kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yishimiz kerak, degan qarorga keldim, - deydi Tver davlat universiteti prorektori, professor Andrey Zinonev. – Ayniqsa, Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan zoologiya muzeyidagi noyob eksponatlarni ko‘rib, hayron qoldim. Qolaversa, sizning universitetingizda zoologiya va botanika sohasida tadqiqot o‘tash uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.