Samarqand davlat universiteti: Rossiya Milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Rossiya Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot Oliy maktabi va Sankt-Peterburg kampusi direktori Anna Tisheskaya boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki taraflama manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilash, birgalikda turli ilmiy-tadqiqotlar olib borish kabi bir qator masalalar muhokama etildi.
- Samarqand davlat universiteti Osiyoning qadimiy va bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan oliy ta’lim muassasalaridan biridir, - deydi Rossiya Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot Oliy maktabi direktori Anna Tisheskaya. – Bugungi uchrashuvda SamDU bilan qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish, magistratura va doktorantura bosqichlarida kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvga erishdik. Bunda talabalar ikki universitet diplomlariga ega bo‘ladi.
Muzokaralarga ko‘ra, iqtisodiyot, biznes, raqamli texnologiya, dasturlash kabi sohalarda hamkorlikda kadrlar tayyorlash, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Otabek Sa’dullaev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.