Samarqand davlat universiteti bitiruvchilari yangi kimyo zavodiga ishga qabul qilinadi…
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti kimyo fakultetida “Ferkensco” kimyo zavodi bosh muhandisi Ravshan Isoqulov ishtirokida bitiruvchi kurs talabalari uchun seminar trening tashkil etildi. Davra suhbatidan ko’zlangan asosiy maqsad talabalar bandligini ta’minlash va ularga bo’sh ish o’rinlari taklif etishga qaratilgan. Ravshan Isoqulov Samarqand shahrining Kimyogarlar shaharchasida yangi qurilayotgan kimyo zavodining tarkibiy tuzilmalari bilan talabalarni tanishtirib o‘tar ekan, zavodning asosiy tarmoqlari va bajaradigan vazifalari masalalariga alohida to‘xtaldi:
– Yangi qurilayotgan zavod asosiy uch qismdan iborat bo‘ladi. Ulardan birinchisi sulfat kislota olishga ixtisoslashgan bo‘lib, yiliga 500 ming tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ikkinchisi fosforit konsentratini ajratib olishga mo‘ljallangan. E’tiborli jihati shundaki, boshqa kimyo zavodlarida fosforit maxsus yo‘l bilan ajratib olingandan keyin, to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchilarga yuborilsa, bizda tozalash, filtrlash, granulyatsiya kabi bir nechta bosqichlardan o‘tkazilib, so‘ng iste’molchilarga yuboriladi. Uchinchi qism tayyor mahsulot va minerallar ishlab chiqarishga yo‘nalgan hisoblanadi. Zavodning tashkil etilishi o‘z-o‘zidan yangi bo‘sh ish o‘rinlarini vujudga keltiradi. Biz Samarqand davlat universitetining bilimli va iqtidorli talabalarini mazkur ish o‘rinlariga faol ravishda jalb etmoqchimiz. Chunki ilmli, o’z ishini yaxshi ko’radigan xodimlar hamma joyda keraklidir.





Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.

