Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Diyora Jafarova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ta’sis etilgan “Nihol” mukofotiga sazovor bo‘ldi va bugungi san’atning tom ma’nodagi “nihol”laridan biriga aylandi. Ushbu mukofot estrada, musiqa, mumtoz qo‘shiq, raqs va opera san’ati ijrochiligi yo‘nalishlarida mahorat bilan ijod qilayotgan, haqiqiy iste’dodini ko‘rsatib bera olgan talantli yoshlarga beriladi.

         Diyora Jafarova mumtoz va an’anaviy xonandalik yo‘nalishida ijod qiladi. Uning betakror va nafis ovozi bir qator respublika ko‘rik-tanlovlarida g‘oliblik shohsupasini zabt etgan. “Kuyla, yoshligim”, “Yagonasan muqaddas Vatan” “Шоу талантов” tanlovlari shular jumlasidan.

         Shuningdek, Diyora 2021-yilda respublika miqyosida yosh iste’dodlarni saralash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Botir Zokirov san’ati davomchilari” tanlovining respublika bosqichida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Hozirda an’anaviy “Bo‘zatov Fest” Yoshlar ovozi tanlovining viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan ishtirokchilar qatorida tayyorgarlik ko‘rmoqda.

         – Yoshligimda estrada va jazz yo‘nalishiga qiziqardim, - deydi Samarqand davlat universiteti talabasi, “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Diyora Jafarova. - Kollejni tugatgan yilim ustoz Zohid Salimov bilan tanishib qoldim va u kishiga shogird tushib qo‘shiqchilikdan saboq ola boshladim. Ustozning milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizga samimiy mehrini ko‘rib, menda ham  shu yo‘nalishga muhabbat kuchayib bordi va bu muhabbat meni mumtoz qo‘shiqchilik sari yetakladi. Asta-sekinlik bilan mumtoz maqomlarimizni ijro eta boshladim. Ustoz ta’sirida rivojlanib borgan iste’dodim sabab Samarqand davlat universiteti talabasi bo‘lish baxtiga erishdim. Universitetda tahsil olish chog‘ida ijodimda ko‘plab yangi muvaffaqiyatlar va imkoniyatlar eshigi ochildi. Bu borada menga ustozlik qilgan Sherzod Haqqulov, Dilorom Tursunova, Mirshohid Murodov kabi o‘qituvchilarimning xizmati katta. “Nihol” davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganim men uchun nihoyatda kutilmagan va quvonarli hol bo‘ldi. Ushbu mukofot nafaqat muvaffaqiyatlarimda yangi burilish, balki orzularim yo‘lidagi yangi qadam sifatida ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi. Endi “Nihol” ochib bergan bu yo‘lni shijoat bilan davom ettirishim, yangi marralarni zabt etishim kerak. Kelgusidagi maqsadlarim mumtoz qo‘shiqchiligimizni yanada yuksaltirish va o‘zbek milliy maqom san’atini dunyo bo‘ylab tarannum etish.

         Bugungi san’at olamida yosh ijodkorlar juda ko‘p. Ko‘ksida miltillagan cho‘g‘ bilan san’at olamiga kirib kelgan har bir yosh iste’dod tom ma’noda, bir niholdir. Bir qarashda ularning har biri qo‘llab-quvvatlash va e’tirofga arziydi. Ammo “Nihol” eng munosiblargagina nasib etadi. Ushbu mukofot san’at “nihol”larining unib-o‘sishi, gurkiragan daraxtga aylanishida muhim qadam bo‘lishi, shubhasiz.

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.