“Karyera kuni – mehnat yarmarkasi” talabalarga shunday imkoniyat yaratdimi⁈

    Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan  “Karyera kuni – mehnat yarmarkasi” talabalar uchun o‘z sohalarida doimiy ish topish imkoniyatini taqdim etdi. E’tiborlisi, talabgorlar ish qidirib davlat tashkilotlari eshigida ovora bo‘lgani yo‘q. Viloyat Bandlik bosh boshqarmasi hamda 100 dan ortiq davlat tashkilotlari: umumta’lim va ixtisoslashgan maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, xususiy korxona va mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning o‘zlari talabgorlarga tegishli yo‘nalishlardagi vakantlarini taqdim etdi. Taklif etilayotgan ish o‘rinlari, xalq ta’limi, tibbiyot, turizm, huquqshunoslik kabi turli-tuman yo‘nalishlarda bo‘lib, talabalar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan muassasani tanlashlari hamda kelishuv va suhbat asosida ishga joylashishlari mumkin.

    – Mehnat yarmarkasida taklif qilinayotgan barcha ish o‘rinlari bilan tanishib chiqdim, - deydi maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti 3-bosqich talabasi Barchinoy Abdusaidova, - Viloyatdagi ko‘plab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyachi  metodist, ingliz tili to‘garak rahbari, jismoniy yo‘riqchi, musiqa rahbari, xoreograf kabi lavozimlarda bo‘sh o‘rinlar mavjud ekan. O‘zim uchun qulay bo‘lgan bog‘chani tanlab, tarbiyachi metodist lavozimiga ma’lumotlarimni topshirdim va suhbatga taklif etildim.

    – Bugungi yarmarka ish qidirib yurgan talabalar uchun nihoyatda katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda, - deydi tarix fakulteti 3-bosqich talabasi Zuhriddin Asqarov, - Talabalarga taklif etilayotgan ish o‘rinlari har tomonlama qulay va ikkala tomon manfaatlari uchun ham foydali. Yarmarkada qatnashayotgan maktablar o‘rtacha 1 – 1,5 million so‘m oylik maoshli lavozimlarni taklif qilishmoqda. O‘ylaymanki, bu talaba uchun anchayin yaxshi taklif. Men 81-umumta’lim maktabiga tarix o‘qituvchisi lavozimiga ma’lumotlarimni topshirdim. Shunday muhim imkoniyatdan foydalanib qolganimdan mamnunman.

    Talabalar bandligini ta’minlash asosiy masala sifatida ko‘tarilayotgan bugungi zamonda bu kabi mehnat yarmarkalari yoshlar uchun qulay imkoniyat. Shunday ekan, undan o‘z karyerasini shakllantirish yo‘lida foydalanib qolish har bir insonning o‘ziga bog‘liq.

 

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.