Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti optika kafedrasi doktoranti Gulshan Nurmurodova “Gaz holatidagi vodorod bog‘lanishli komplekslar IQ yutilish polosasining strukturasi” mavzusida Sankt-Peterburg universiteti Molekulyar spektroskopiyasi kafedrasi olimlari bilan birgalikda ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

    Xo’sh, vodorod bog’lanish o’zi nima? Vodorod bogʻ - bir yoki ikki molekuladagi atomlarning vodorod atomi orqali bogʻlanishi. Vodorod boshqa elementlardan atomida yagona elektroni borligi bilan farq qiladi. U bu elektronini elektr-manfiyroq elementga berib, ionli yoki qutbli birikma hosil qilganida, uning yadrosi (N+) butunlay yoki bir qadar elektrsizlanadi. N+ ionining radiusi juda kichik boʻlganligidan, u oʻz atrofida anchagina kuchli elektr maydonini vujudga keltiradi. Agar bunday yadro oldiga elektrmanfiyroq bir element yaqin kelsa, uning elektronlarini tortadi va natijada vodorod bogʻlanish hosil boʻladi. Vodorod bog'lanish asosan 2 xil turda bo'ladi.

    1. Ichki molekulyar (ko'p atomli spirtlar,amino kislotalar,oqsillar,uglevodorodlar va DNK)

    2. Molekulalar aro ((H2O), bir atomli spirtlar, kislotalar).

    Ftor, kislorod, oltingugurt, xlor, fosfor, azot kabilar vodorod bog'lanish hosil qila oladigan elementlardir.

    Vodorod bog‘lanishlar va ularning tuzilishini o‘rganish optika, molekulyar fizika, shuningdek, kimyo va biologiyadagi qator muammolarni yechishda muhim ahamiyatga ega. Masalan, uni o‘rganish tirik organizmlarda sodir bo‘ladigan biologik jarayonlar haqida xulosalar chiqarish imkonini beradi. Bu esa ilmiy tadqiqotning biologiya va tibbiyot sohasi uchun ham ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.

    – Molekulalararo o‘zaro ta’sirning tabiatda keng tarqalgan turlaridan biri vodorod bog‘lanishdir, - deydi tadqiqotchi Gulshan Nurmurodova, - Tadqiqot mavzum bo‘yicha Sankt-Peterburg davlat universiteti fizik olimlari bilan hamkorlikda ana shunday bog‘lanishlarning tuzilishi va tabiatini o‘rganyapmiz. Bu kabi dunyo ilm-fanida olib borilgan tadqiqotlar, uning yechimi topish usullari, yondashuvlari bo‘yicha olimlar tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuq va yangiliklarini kuzatib boryapmiz. O‘ylaymanki, bu dissertatsiyamning ilmiyligini yanada oshiradi.

     Gulshan Nurmurodova tadqiqotlari yuzasidan Rossiyaning Sankt-Peterburg davlat universiteti molekulyar spektroskopiya kafedrasida 4 oy davomida ilmiy stajirovkada bo‘lib qaytgan. Uning ilmiy rahbari fizika-matematika fanlar nomzodi, dotsent G‘ulomxon Murodov.

     Hozirgi kunda Gulshan Nurmurodovaning xalqaro ilmiy jurnallarda 15 dan ortiq, respublika nashriyotlarida chop etilgan 40 ga yaqin maqolalari bilan keng jamoatchilik e’tibor markazida bo’lib kelmoqda.

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.