Kitobxonlik kechasi o‘tkazildi
Samarqand davlat universiteti axborot-resurs markazida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti tomonidan kitobxonlik kechasi o’tkazildi. Unda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Mungli ko‘zlar” romani asosida “Ilmsizlik - jamiyat tanazzuli” mavzusida fikr almashildi. Kechani SamDU xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengash raisi, rektor maslahatchisi Sharofat To‘xliyeva kirish so‘z bilan ochdi.
Tadbirda yosh avlod ma’naviyatini o‘stirishda kitobxonlikning ahamiyati, bolalarning kitobga mehr uyg‘otishi masalalariga alohida e’tibor berilishi kerakligi borasida muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan talabalar “Mungli ko‘zlar” romanida aks etgan jamiyat qusurlari: korrupsiya, mol-mulkka butunlay ixlos qo‘ygan ota-ona hamda begunoh farzandlarning fojiali qismati, bularning barchasiga sabab bo‘luvchi ilmsizlik va ma’naviy qoloqlik borasidagi fikrlari hamda asar taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi. Asar badiiyati, undagi obrazlar xarakteri va dunyoqarashining xilma-xilligi asosida yozuvchining jamiyatga, unda ro‘y berayotgan kamchiliklarga bo‘lgan munosabati haqidagi teran fikrlar faol bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.







Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.

