Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Qozon federal universiteti xalqaro hamkorlik instituti direktori Ramil Xayrutdinov boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi.

    SamDU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda munosabatlarni yanada kuchaytirish, hamkorlikda turli ilmiy tadqiqotlar olib borish, qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

    Tomonlarning kelishuviga ko‘ra, asosan, ijtimoiy fanlar, tarix, arxeologiya, rus va ingliz filologiyasi yo‘nalishlaridagi aloqalar yanada kuchaytirilib, professor-o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.

    - Samarqand davlat universiteti bizning Markaziy Osiyodagi eng yaqin hamkor universitetlarimizdan biri, - deydi  Qozon federal universiteti xalqaro hamkorlik instituti direktori Ramil Xayrutdinov. - Biz ushbu qadimiy oliy ta’lim muassasasi bilan maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Bugungi muzokaralarimiz mavjud aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. So‘nggi vaqtlarda universitetingiz ilmiy salohiyatini oshirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovor. Biz ham siz bilan birgalikda turli ilmiy tadqiqotlar qilish niyatidamiz. O‘ylaymanki, Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik qilish biz uchun har tomonlama manfaatli va foydali bo‘ladi.

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.