Samarqand davlat universiteti: Rossiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yanada kuchaytiriladi
Samarqand davlat universitetiga Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov bilan o’tkazilgan uchrashuvda Rossiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, SamDU da Rossiya ta’lim markazi ochilishi muhokama qilindi.
- Bugungi kunda Rossiyaning 30 ga yaqin oliy o’quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yganmiz, - deydi Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori, professor Akmal Axatov. - Munosabatlarni yanada yuqori darajada rivojlantirish maqsadida SamDU da Rossiya ta’lim markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Rossiya oliy ta’lim muassasalari ushbu markazda o'z loyiha va taqdimotlarini amalga oshirishi mumkin. Samarqand davlat universiteti texnik va tabiiy yo’nalishidagi qo’shma ta’lim dasturlari Rossiya oliy o’quv yurtlari bilan tematik yo’nalishda kurslar va texnik laboratoriyalar tashkil etishi ko’zda tutilmoqda. Qolaversa, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, mahorat darslari, madaniy tadbirlar o’tkazish rejalashtirilmoqda.



Behruz Shamsiddinov,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.

