Samarqand davlat universiteti maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetida universitet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi tashabbusi bilan “Dunyo go‘zal, sen dunyoga kulib boq” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi. Tadbirda SamDU хotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi Sharofat To‘xliyeva so‘zga chiqib, talaba qizlarning ma’naviy-axloqiy fazilatlari, tegishli masalalardagi haq-huquqlari va vazifalari yuzasidan ma’lumot berdi. Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash gender tenglikni ta’minlashning asosiy sharti ekanligini ta’kidladi. Bu borada bajarilayotgan amaliy ishlarning mazmun-mohiyati bilan talaba qizlarni tanishtirdi.

    Shuningdek, tadbirda psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Umida Bo‘tayeva, falsafa va milliy g‘oya kafedrasi dotsenti Ra’no Toshquvvatova, geografiya va ekologiya fakulteti xotin-qizlar masalalari kengashi raisi Tanzila Majidova, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti xotin-qizlar masalalari kengashi raisi Mohina Ahrorovalar ham ishtirok etdi.

    Tadbirda so‘zga chiqqanlar shaxs ma’naviyatini shakllantirishda oilaning o‘rni, inson xilqati barkamolligiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar, o‘z-o‘zini anglash, o‘zaro tushunish mavzularida ma’ruzalar qildi.

    Psixolog Umida Bo‘tayevaning insonlar o‘rtasida o‘zaro bir-biri anglash, ruhiy charchoq va tashvishlarga sabab bo‘luvchi omillar va ularni yengish hamda stressdan chiqish yo‘llari borasidagi psixologik maslahatlari talaba qizlar uchun nihoyatda foydali bo‘ldi. Suhbat yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular, qiynayotgan muammolar yuzasidan taklif va savollar berib, tegishli mutaxassislardan javob olishdi.    

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.