Taqdir taqazosi bilan ota-ona mehridan judo bo‘lgan talabalar bilan rektor uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Maqsad - ularning muammolarini o‘rganish, qalbiga quloq tutish. Samarqand davlat universitetida tahsil olayotgan 51 nafar ushbu toifaga mansub yigit-qiz rektorga yuragini to‘kib soldi. Muloqot rektor va yoshlar o‘rtasida  ochiq va samimiy ruhda tashkil etildi. 

    Noila Fayzullayeva, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi:

    - Tikuvchilik qila olaman, lekin tikuv mashinasi olish uchun imkoniyatim yetarli emas. Bugungi uchrashuvda ushbu muammoni aytgan edim, rektorimiz buni ijobiy hal qilib berishini aytdi. Shuningdek, universitetimiz rektori talabalarning chet tillarini o‘rganishi lozimligiga alohida e’tibor qaratib, endilikda barcha yotoqxonalarda bepul chet tili kurslari tashkil etilishini ma’lum qildi.

    Shohrux Ochilov, Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi:

    - Bugungi uchrashuvni umuman kutmagandim. Men kabi 51 nafar talabaning muammosi o‘rganildi. O‘zim shartnoma pulini to‘lashga qiynalayotgan edim. Bu muammoni aytganimda, rektorimiz Rustam Xolmurodov ijobiy qabul qilib, yordam berishini aytdi. Men bundan juda xursandman.

    Shahnoza Obloqulova, Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti talabasi:

    - Bitiruvchi kurs talabasiman va oilaliman. Turmush o‘rtog‘im ham talaba. Tashkiliy ishlarga qiziqaman, buning uchun menda qobiliyat bor. Turli idoralardan ish so‘rab borganimda rad javobi berishdi. Muammoni rektorimiz Rustam Xolmurodovga aytgandim, shaxsan o‘zi yordam berishini bildirdi.

    - Men Payariqdanman. Turar joy bilan bog‘liq qiyinchiligim bor, - deydi Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti talabasi Muhammad Rahmonqulov. - Qolaversa ish ham topolmadim. Bugungi uchrashuvda rektorimizga murojaat qildim. U kishi ish topib berishlarini, turar joy bilan ta’minlashlarini bildirdi. Bu uchun tegishli mas’ullarga topshiriq ham berdi. yotoqxonaga bepul turishlari uchun barcha sharoit yaratib berilishi bo‘ldi. Bu imkoniyatlar uchun rektorimizdan minnatdormiz.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar.