Buyuk ipak yo‘lining madaniyatlar, diniy e’tiqodlar almashinuvidagi o‘rni…
Samarqand davlat universiteti tarix fakultetiga Moskva davlat universitet professori, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi Nargis Nurulla-Xodjayeva “Buyuk ipak yo‘lining madaniyatlar, diniy e’tiqodlar almashinuvidagi o‘rni” mavzusida ma’ruza o‘tdi.
– Qadimiy boy tarixga ega bo‘lgan Turon diyori, bir qator madaniy, diniy e’tiqodlar markazi sifatida dunyoda e’tirof etilgan. Insoniyat olami taraqqiyotida g‘oyat yuksak o‘rin tutgan Buyuk ipak yo‘li dunyoning har ikki tomonini o‘zaro va har tomonlama uzviy bog‘lagan, - deydi professor Nargis Nurulla-Xodjayeva. - Jahon tarixida u buyuk sayohat va buyuk savdo yo‘li sifatida ham mashhur. Buyuk ipak yo‘li qadimiy sivilizatsiya erishgan ulkan yutuqlardan biridir. Bu yo‘l nafaqat savdo, balki turli xalq va elatlar orasida madaniy aloqalar yo‘li ham edi. Buyuk ipak yo‘li orqali xalqaro iqtisodiy, siyosiy va madaniy munosabatlar bir mintaqadan ikkinchi mintaqaga savdogarlar, elchilar, olimu-ulamolar, fozilu-fuzalolarning muntazam harakatlarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Buyuk ipak yo‘li ustida joylashgan mamlakatlar xalqlari ma’naviyati va maorifida, ular o‘rtasidagi asriy aloqalarning sezilarli izi bor.
- Buyuk ipak yo‘li tanlov fani bo‘yicha chuqur bilimlarga ega bo‘lish talabalarning dunyoqarashini kengaytirish yo‘lidagi eng samarali vosita sifatida ahamiyatlidir, - deydi SamDU jahon tarixi kafedrasi mudiri, dotsent Shohista Hamroqulova. - Qolaversa, mamlakatimiz hamkorlik qilayotgan davlatlarning rivojlanish darajasini, xalqlarning mentaliteti, urf-odatlarini, madaniyatini tushunib yetish uchun ham jahon tarixi fani beqiyos o‘ringa ega. Shu sababdan ham talabalarimizga tanlov fandan dars berish uchun xorijiy olimlarni taklif qilganmiz. Tanlab olingan Buyuk ipak yo‘li fani qadimgi dunyo va o‘rta asrlar tarixining ijtimoiy iqtisodiy, siyosiy hamda madaniy taraqqiyoti xususida ma’lumotlar, tahlillar va xulosalar beradi. Talaba birgina shu tanlov fan orqali qadimgi Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Koreya, Markaziy Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlari tarixi bilan tanishib chiqadi.




Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.

