Magistrlik dissertatsiyasi: pomidor zararkunandalarini ilmiy yo’l bilan bartaraf qilish, hosilning ortishiga xizmat qiladi
Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti magistranti Go‘zal Saloyeva “Issiqxona sharoitida pomidorning asosiy zararkunandalari va ular miqdorini kimyoviy usulda boshqarish” mavzusida tadqiqot olib bormoqda. Ilmiy rahbari agrokimyo va o‘simliklarni himoya qilish kafedrasi professori Elmurod Umurzoqov.
Go‘zal Saloyeva 2019-2020-o‘quv yilida Beruniy nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan. Bugungacha 10 ga yaqin maqolalari bilan xalqaro jurnallarda va ilmiy konferensiyaga ishtirok etgan. Jumladan, Rossiya, Germaniya, Hindiston, Turkiya kabi davlatlarning nufuzli nashlarida uning ilmiy maqolalari chop etilgan.
- Magistrlik dissertatsiyam qishloq xo‘jaligi tovarlarining eksportbobligini va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan, - deydi Go‘zal Saloyeva. - Issiqxona sharoitida pomidorning zararkunanda turlari, zarari, bioekologiyasi va ularga qarshi yangi zamonaviy pestitsid turlarini o‘rganyapman. Tadqiqot olib borish uchun “Allamina” pomidor navini tanlab olganmiz. Hozirgi kunda karantin obyektlari bo‘lgan zararkunandalarga (bit, oqqanot, kanalar) qarshi kimyoviy vositalarni qo‘llash va ularni ta’sirini o‘rganish qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hasharotlarga qarshi kimyoviy preparatlar: ximidor, mostplan, kamfidor kabi dori vositalaridan foydalanish maqsadga muvofiq. Ushbu zararkunandalar o‘simlik barglarini so‘rish orqali zarar yetkazadi. Bu hosildorlik kamayishiga sezilarli darajada o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Tadqiqot davomida zararkunandalarni va ularning miqdorini kimyoviy usulda boshqarishni o‘rganyapman. Keyinchalik biz buni amaliyotga joriy qilib, nafaqat issiqxonalarda balki oddiy aholi orasida ham targ’ib qilmoqchimiz. Zero, biz iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsiz, ishonchli bo’lsa odamlarimiz sog’lom bo’ladi.
Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.

