Mulohaza
...Qush qoldi oyog‘i osmondan bo‘lib,
Biz ham bitta-bitta tarqalib ketdik.
Olamni unutdik erinibgina,
Parku bolishlarda uyqu elitdi…
Tongda chopib chiqdim.
Daraxt joyida.
Shox bor,
Shoxda qarg‘a yo‘q edi ammo.
Boshga kulfat tushgan kunda sherigin
Tashlab ketmas ekan quzg‘unlar hatto! (Muhammad Yusuf)
Dron orqali olingan bir filmda holatni ajablanib tamosha qildim ulkan dengizda suvda suzishga mo‘ljallangan maxsus taxtada ayol kishi o‘zi bilmagan holatda qirg‘oqdan ancha uzoqlashib ketadi, shunda nihoyatda ulkan kit vazni 3-4 tonnani tashkil etuvchi jonzod insonni bir yamlab yutishi mumkin holatida turgan bir vaqtda u odamga ozor bermasdan uni kuzatib do‘stlashishga harakat qilishini ko‘rib hayratlandim.
Laylaklar hech qachon keksa laylaklarga hujum qilmas ekan. Patlari qalin qarg‘a o‘zidan zaif bo‘lgan qarg‘ani sovuqdan himoyalar ekan. Fillar qanchalik kuchli bo‘lmasin, biror dushman hujumiga uchrasa, avvalo to‘dadagi keksa, kuchsiz va yarador fillarni xavfsiz joyga olib o‘tish bilan shug‘ullanarkan. Bo‘ri o‘z juftiga xiyonat qilmas ekan, agar jufti halok bo‘lsa o‘z o‘limini kutib yasharkan.
Ajablanarlisi nima, bilasizmi?
Ajablanarlisi, ular yaxshi va yomonni ajratolmaydi. Ularda mana bu ish savob, bunisi esa gunoh bo‘ladi, degan tushuncha yo‘q. Ular bu ishlarni biror mukofot uchun yoki e’tirof eshitish uchun bajarmaydi. Ular hech qachon “hayvongarchilik qildim”, deb bir-biriga maqtanishmaydi...
Men jonivorlarni juda-juda hurmat qilaman. Xulosa o‘zingizdan azizlarim.
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
Psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti o‘qituvchisi

