Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida  O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, akademik Botirxon Valixo‘jayev xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

    Unda muntoz adabiyot tarixi kafedrasi dotsenti, Erkin Musurmonov, tilshunos olim Tolib Jo‘rayev, shoir Yor Muhammad va filologiya fanlari doktori Nazmiya Muhiddinovalar ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Olimlar Botirxon Valixo‘jayev bilan bog‘liq xotiralarini bo‘lisharkan, umr sahifalarining ustozlari bilan bog‘liq nuqtalarini o‘zgacha hayajon va kezi kelganda ko‘zlarida yosh bilan esladilar. Shoir Yor Muhammad tomonidan o‘qilgan sof, samimiy xotiralar, otashin hislar bilan to‘lgan she’rlar ustoz xotirasiga ehtiromning samimiy ifodasi bo‘ldi.

    – Botirxon Valixo‘jayev bilan o‘tgan asrning 80-yillarida tanishganmiz, - deydi shoir Yor Muhammad Rustamov. - U vaqtlar men Samarqand davlat universitetida o‘qirdim. Ustoz sodda, dilkash, kamtar, kamsuqum inson, kuchli ilmiy salohiyati ila katta ilmiy maktabga yarata olgan fan arbobi edilar. O‘z ilmi bilan nafaqat yurtimizni, balki dunyoni ham zabt etib, Samarqandning birinchi darajali ziyoli olimi, degan sharafli nom bilan e’tirof etiladigan haqiqiy alloma inson edi.

    – Hayotim davomida akademik Botirxon Valixo‘jayevdek inson bilan uchrashish,  qo‘llarida saboq olish, shogirdlik maqomlariga erishish baxtiga musharraf bo‘lganim mening baxtim, - deydi tilshunos olim Tolib Jo‘rayev. - Ustoz tasavvurimizdagi komillik mezonlariga sig‘maydigan odam edilar. Shogirdlarini o‘z farzandidek ko‘rar, biror marta qattiq gapirganlarini eslolmayman.  Botirxon Valixo‘jayevning har bir darsi o‘ziga xos bir kashfiyot edi. Talabalar xuddi ilohiy quvvat bilan sehrlangandek dars tinglar, hatto qo‘ng‘iroq chalinganini ham eshitmasdik. Ustozning ma’ruzalariga boshqa kurs talabalari va universitetga aloqador bo‘lmagan oddiy adabiyot ixlosmandlari ham qimmatli saboqlaridan bahramand bo‘lish uchun kelishardi. Bu kabi insonlar hayotda juda kam uchraydi, ehtimol boshqa uchramas ham.  Ustoz o‘zining nafaqat kuchli ilmi, balki sof insoniy fazilatlari bilan ismining har bir harfi bosh harflar bilan yozsa arziydigan betakror shaxs edi.

    Tadbir davomida talabalar akademik hayoti va faoliyati yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. “Shalola” to‘garagi a’zolari tomonidan aytilgan ijod namunalari tadbirni o‘ziga xos tarzda yakunlab berdi.  

Iroda BEKMURODOVA

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.