Samarqand davlat universtiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov Samarqand shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Mazkur dargoh 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar, muhandislik hamda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan. Maktabda bugungi kunda 145 nafar o‘quvchi ta’lim oladi.

    Rustam Xolmurodov o‘quvchilarga bugun Yangi O‘zbekistonda ilm-fanga bo‘lgan e’tibor zamirida bilimli, yangicha fikrlaydigan, zamonaviy avlodni tarbiyalash ekanligini ta’kidladi. O‘quvchilarning o‘qishi, ilm olishi uchun hozirgi vaqtda kerakli barcha sharoitlar yaratib berilganligi, ularning oldidagi asosiy vazifa faqatgina o‘qish, chet tillarini o‘rganish lozimligini aytib o‘tdi.

    - Prezident maktablarida haqiqiy ma’noda millatimizning oltin fondimiz tarbiyalanadi. Bu oson bo‘lmaydi, albatta, - dedi Rustam Xolmurodov. - Lekin men ishonamanki, siz hozirgi imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z sohangizni mukammal o‘zlashtirasiz. Sizning ko‘zlaringizga qarab, o‘z yoshligimni esladim. Mamlakatimizning rivojlanishi uchun birgina yo‘limiz bor. Bu ilm, ta’lim, bilimdir.

    Shuningdek, Rustam Xolmurodov o‘quvchilarning savollariga batafsil javob berdi, bolalar bilan samimiy suhbatlashib, ularning fikrlari, maqsadlari bilan qiziqdi.

    Sarvar Toshmurodov, Prezident maktabi o‘quvchisi:

    – Prezident maktabida xorijlik malakali o‘qituvchilar dars beradi. Men fanlarni batafsil o‘zlashtirishga harakat qilaman. Kelajakda o‘qishimni AQSH da davom ettirib, yetuk injener bo‘lish maqsadim bor.  Bugungi uchrashuvda Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov ilm-fan islohotlarining tub maqsadi va biz kabi o‘quvchilardan kutilayotgan natijalar haqida aytib o‘tdi. Men ushbu suhbatdan juda ham ruhlandim. O‘z oldimga yangi maqsadlar qo‘ydim.

    Asilbek Toshboyev, Prezident maktabi o‘quvchisi: 

    – Bugun dunyoning eng baxtli bolalari  kim deb so‘rashsa, biz hech ikkilanmay o‘zimizni misol qilib ko‘rsata olamiz. Sababi biz bugun jahon tajribasi asosidagi, so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan Prezident maktabida o‘qiyapmiz. Bizga hamma havas ko‘zi bilan qaraydi. Maktabimizda Amerika, Hindiston, Flippin kabi davlatlardan yuqori malaka va tajribaga ega olimlar saboq berishmoqda. Eng asosiysi darslarimiz chet tilida olib boriladi. Bugun Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov bilan bo‘lgan uchrashuvda zimmamizda ulkan mas’uliyat borligiga  yana bir karra amin bo‘ldim. Sababi, Rustam Xolmurodov ta’kidlaganidek, “Davlatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi – ilm-fanning  rivojlanishiga bog‘liq”. Shuning uchun ham bizga berilayotgan imkoniyatlardan hozir foydalanmasak, keyin kech bo‘lishi mumkin...

    Uchrashuv so‘ngida o‘quvchilarga Samarqand davlat universitetining bugungi faoliyati, uning dunyodagi nufuzli universitetlar bilan hamkorligi to‘g‘risida ma’lumot berildi va rektor tomonidan o‘quvchilarga badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.