Samarqand davlat universitetining doktorantlari Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini qutlaydi

Turkiya va O‘zbekiston munosabatlari tarixida 2016-2022-yillar alohida o‘rin tutadi. Prezidentlarimizning tarixiy adolatni tiklash yo‘lida tashlagan muhim qadamlari millionlar qalbida aks sado bermoqda. Xalqlarimiz bir-biriga intilmoqda, yaqinlashmoqda, qo‘llab-quvvatlamoqda. Turkiya O‘zbekiston uchun, O‘zbekiston Turkiya uchun muhim strategik hamkorga, hamnafasga aylandi. Turli sohalar qatori ilm-fan namoyandalarining o‘zaro aloqalari eng yuksak bosqichga ko‘tarilganligini ko‘rib, bilib turibmiz. Samarqand davlat universiteti Turkiyada ham mashhur bo‘lib, SamDU da o‘qish, ilmiy ish qilish istagidagi yoshlar safi tobora kengaymoqda. Har ikkala tomonning ham intilish va qiziqishlari, taklif va istaklari inobatga olinishi bir-birimizni yanada yaqinroq tushunish, anglash imkoniyatini bermoqda. Samarqand davlat universitetida Turkiyalik o‘nlab olimlarning dars o‘tayotgani, ilmiy tadqiqotchilar izlanish olib borayotganligi fikrimizning yorqin dalilidir.
Emrah Yilmaz, Samarqand davlat universiteti doktoranti (Turkiya):
- Samarqandga kelib ta’lim olish mening yoshlikdagi orzuyim edi. Bugun xalqlarimiz o‘rtasida tiklangan azaliy qardoshlik aloqalari tufayli mening orzum amalga oshmoqda. Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti doktorantura bosqichida tahsil olmoqdaman. Taniqli turkolog olim, filologiya fanlari doktori, professor Jo‘liboy Eltazarov ilmiy rahbarligida “Mahtumquli Firog‘iy asarlaridagi frazeologizmlarning leksikologik va semantik tadqiqi” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqdaman. Bugunga qadar 10 ga yaqin ilmiy maqolalarim nufuzli nashrlarda chop etildi. 5 kitobni turkman tilidan turk tiliga tarjima qilganman. Samarqand davlat universiteti o‘zining qadimiyligi, ilm-ma’rifat, madaniyat markazi ekanligi bilan butun dunyoda mashhur. Bugun men ana shunday dargohda ta’lim olayotganligimdan faxrlanaman.
Tug‘ba Yilmaz, Samarqand davlat universiteti doktoranti (Turkiya):
- O‘zbek shoirlari o‘zining samimiyati, xalqchilligi, kishi qalbidagi tuyg‘ularni sodda tilda aks ettirishi bilan alohida ajralib turadi. Ayniqsa, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf kabi buyuk shoirlaringiz she’rlarini juda sevib mutolaa qilaman. Ilmiy tadqiqot faoliyatim ham “Abdulla Oripov she’rlarida tasavvur va obraz” mavzusida. Samarqand davlat universitetining yurtimizdagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelayotgani bizni juda quvontiradi. SamDU dagi ilmiy-ijodiy muhitni, ilm-fanga berilayotgan e’tiborni alohida ta’kidlashim lozim.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.