Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Navro’z shodiyonalari ilm-fanning ilg’or yutuqlari bilan hamohang tarzda o’tkazildi. Bayram munosabati bilan “Ilm-fan mamlakat taraqqiyotining strategiyasi” shiori ostida ilmiy-ijodiy  ko‘rgazma tashkil etildi. Unda professor-o’qituvchilar va talabalarning olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari, izlanishlari namoyish etildi.

    Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlisi Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochdi:

    - Bugungi Navro‘z shodiyonalari ilm-fan bayrog‘i ostida bo‘lib o‘tmoqda. Chunki so‘nggi 6 yildan beri Yangi O‘zbekistonimizda bu sohaga juda katta eʼtibor berildi va bu jarayon davom etyapti, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. -  Taraqqiyotning asosiy omili sifatida ilm ko‘rilmoqda. O‘zbekistonning iqtisodiy, uning yaqin kelajakdagi rivojlanishi ilm-fan va ta’lim bilan bog’liq. Shuning uchun ham ilm-fanga, ta’limga bo‘lgan e’tibor davri keldi. Bizning bosh maqsadimiz SamDU da ilmiy salohiyatni oshirish. Professor-o‘qituvchilarni ilmiy ishlari uchun rag‘batlantirish, jahon ilm-faniga integratsiyalashuv. Ilmiy maktablar shuhratini tiklash. Yosh isteʼdod egalarini qo‘llab-quvvatlash.

    Shuningdek, tadbir davomida Samarqand davlat universiteti rektorining buyrug’iga ko’ra 2021 yil yakunlari bo‘yicha akademik ko‘rsatgichlari yuqori, SCOPUS va WEB OF SCIENCE  xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasiga kirgan jurnallarda ilmiy maqola chop etgan 20 nafar professor-o‘qituvchi  besh million so‘mdan, 30ga yaqin xo‘jalik bo‘lim xodimi  bir million so‘mdan, 24 nafar faxriy professor-o‘qituvchi bir million so’mdan, shuningdek, yana 30 nafar professor-o’qituvchi universitet boshlang’ich kasaba uyushmasi qo’mitasi tomonidan esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.

    -  Bugungi oliy ta’limdagi bo‘layotgan o‘zgarishlar biz kabi olimlarni yanada shijoat va shiddat bilan mehnat qilishga, ishlashga undamoqda, - deydi noorganik kimyo va materialshunoslik kafedrasi dotsenti Xurshid Toshpo‘latov. - Mazkur tadbir ilm-fanni rivojlantirish, o‘qituvchilar ilmiy salohiyatini oshirish va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadi ostida o‘tkazilgani ilm-fanga bo‘lgan e’tiborning yuksak namunasi bo‘ldi. O‘ylaymanki, ushbu e’tibor va qo‘llab-quvvatlash  ilmda erishilgan yuqori natijalarni yanada oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birgalikda iste’dodli yoshlarni ham fanga, ilmiy tadqiqotlarga  jalb qilishiga ishonchim komil.

    Tadbir ko’tarinki ruhda davom etdi. Samarqand davlat universiteti Cholg‘uchilar orkestri, Vokalchi qizlar ansambli va talabalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirning yanada qiziqarli o‘tishini ta’minladi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.