Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati ogohlantiradi...
Ijtimoiy tarmoqlarda shu kunlarda paydo bo‘lgan bir xabarda Samarqandda 21 yoshli qiz kaltaklangani aytiladi. Bizni ajablantirgani tan jarohati yetkazgan shaxs qolib, uning qarindoshlari nishonga olinayotganligidir. Hali mazkur voqeani sodir qilgan shaxsga nisbatan ayb e’lon qilinmasdan, uning qarindoshlari haqida noxolis axborotlarni tarqatayotganlar bir-biridan ko‘chirib, biror bir manbani surishtirmasdan, tekshirmasdan kim o‘zarga poyga o‘ynayotganlar o‘ylab ko‘rsa bo‘lardi. To‘g‘risini aytganda, kimningdir huquqini himoya qilish bu – boshqalarning huquqini buzish degani emas. Inson qadri, sha’ni bor. Uning obro‘-e’tibori bor. Bizning nazarimizda qonunlarimiz bunga yo‘l qo‘ymaydi. Huquq-tartibot idoralari ularni tarqatgan axborotlariga qonuniy baho berishiga ishonamiz.
Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida A.Tashanov bergan ma’lumot mana bunday boshlanadi: “Samarqandda 21 yashar qiz kaltaklandi. Zo‘ravon yigit senatorning yaqin qarindoshi ekanligi aytilmoqda”...
“O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati tomonidan olib borilgan o‘rganish jarayonida zo‘ravon yigit O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning yaqin qarindoshi — jiyani ekanligi aniqlandi...”
Shu o‘rinda bir savolimiz bor edi. Mabodo qonunlarimizga jiyani uchun javobgarlik to‘g‘risida band kiritilganmi? Agar bunday band bo‘lmasa, insonning sha’niga, uning ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatish qay darajada to‘g‘ri?
Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati mazkur ma’lumotlarni tarqatayotganlar, unga o‘zlaricha har xil tus berayotganlar, turli uydirma va bo‘xtonlar yozayotganlarni ogohlantiradi. Huquqiy demoktarik davlatda yashayapmiz. Har kim o‘z qilmishi uchun o‘zi javob beradi. Lekin boshqalarni bunday ishlarda aybdor qilish yoki obro‘yiga putur yetkazishga urinishlarga qonuniy baho berilishini unutmang.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.

