Samarqand davlat universiteti: Iste’dodli yoshlar mamlakat umidi, millat tayanchi...
Samarqand davlat universiteti talabasi, Durdona Qurbonova 2020-yil uch oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi, Moskva davlat universiteti kabi xorijiy ta’lim dargohlari shular jumlasidan. Ammo Durdona o‘qish uchun Samarqand davlat universitetini tanladi. Hozirda u filologiya fakultetida tahsil olmoqda.
- Yoshligimdan rus va ingliz tillarini o‘rganib kelaman. 2020-yilda uchta universitetga o‘qishga kirish baxtiga erishdim. Bu hayotimga juda katta mas’uliyat yukladi va shu bilan birgalikda ikkilanishlarga sabab bo‘ldi, - deydi talaba Durdona Qurbonova . - Nihoyat, xorijda emas, Samarqand davlat universitetida o‘qishga qaror qildim. Hozirda Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida til xususiyatlari bo‘yicha rus tilida tadqiqot olib boryapman. Kelajakda Navoiy asarlarini rus va ingliz tillariga tarjima qilib, jahondagi nufuzini yanada yuksakroq tanitish niyatim bor. Shuningdek, bugungi davr yangi o‘zbek adabiyoti namunalarini ham rus tiliga tarjima qilmoqchiman. Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir farmoni ilm-fan bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlar uchun imkoniyatlar eshigini ochdi. Shartnoma asosida o‘qiydigan talaba qizlar uchun foizsiz kreditlar ajratish, magistraturada tahsil olayotgan qizlarning shartnoma to‘lovi davlat mablag‘lari hisobidan to‘lab berilishi, doktorantura yo‘nalishida maxsus kvotalar ajratilishi, iqtidorli qizlarning xorijiy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborilishi shular jumlasidandir. Xotin-qizlar ta’limi uchun berilayotgan imkoniyatlar boshqa davlatda bo‘lmasa kerak. Buning uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchiligimni bildiraman.
Iroda BEKMURODOVA
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar

