Samarqand davlat universiteti: Iste’dodli yoshlar mamlakat umidi, millat tayanchi...
Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Zebo Abdullayevaning “Yana bahor keldi seni so‘roqlab” nomli ijodiy ishlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, yosh ijodkorning san’at asarlarini namoyon qilish va talabalarga ko‘tarinki ruh bag‘ishlashdir.
- Ijodkorning chizgilari o‘ziga xosligi, jozibadorligi, muayyan yo‘nalishga egaligi bilan alohida ajralib turadi, - deydi SamDU san’atshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Samandar Muranov. - Talaba asosan grafika, rangtasvir, qalamtasvir turlar bo‘yicha ijod qiladi. Zebo yosh bo‘lishiga qaramay asarlaridagi erishgan yutuqlari yosh ijodkorlarni tarbiyalashda badiiy madaniyat, fikrlash, tafakkurini yuksaltirishda, talabalarning ijodiy bilimini kengaytirish va faoliyatini mukamallashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga talabalarni san’atning grafika, rangtasvir va qalamtasvir turlariga qiziqishini yanada kuchaytirishda muhim omil bo‘ladi.
- Bugungi ko‘rgazmada Zebo 40 dan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashmoqda. Ranglardan yangicha uslubda foydalanish, g‘oyalarini noodatiy shaklda yoritib berishi, shakllarni o‘ziga xos usulda uyg‘unlashtirish uning ijodiy yangiligidir, - deydi SamDU san’atshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Kumush Narziyeva. - Zebo asarlarida shoira Zulfiya ijodini yoritish, Zahiriddin Muhammad Boburning asar voqealari syujetlari, Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr”, “Layli va Majnun” dostonlari voqeyliklari ifodasini uchratishimiz mumkin. Bu uning ajdodlar me’rosini o‘rganish va talqin qilishning nechog‘lik muhimligini anglagani tahsinga sazovor.



Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.

