Xalq og‘zaki ijodi - milliy va noyob qadriyat
Samarqand davlat universiteti maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetida Navro‘z bayrami munosabati “Xalq og‘zaki ijodi- noyob qadriyat” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Bunda fakultet talabalari o‘zbek milliy madaniyatini, urf-odatlarini ko‘rsatgan holda, kuy-qo‘shiq va xalq og‘zaki ijodi namunalari orqali tomoshabinlarga kayfiyat ulashdi.
- Bugungi tadbirni o‘tkazishimizdan asosiy maqsad, yo‘qolib borayotgan milliy qadriyatlarimizni namoyon qilish va asrash, - deydi boshlang‘ich va texnologik ta’lim kafedrasi dotsenti Gulbahor Raximova. – Shuning uchun ham tadbir ishtirokchilarining kiyinish madaniyati va qo‘shiqlarni ijro etilishida milliylikka to‘liq e’tibor qaratdik. Bo‘lajak pedagoglar universitetni tamomlab, boshlang‘ich ta’lim sohasida faoliyatlarini davom ettirar ekan, ushbu milliylikni o‘quvchi yoshlarning murg‘ak qalbiga jo etishiga ishonaman.
- Bahor bu fasllarning eng go‘zali. Navro‘z esa yashnash, yasharish bayrami. Tabiatning uyg‘onishi bilan bog‘liq yangi kunning boshlanishidir, - deydi maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi Zuhra Gulxanova. - Ota-bobolarimiz, buvilarimiz bu bayramni nishonlab, turli-tuman, rang-barang udum va marosimlar oʻtkazishgan. Ajdodlarimiz Navroʻz bayramiga atab maxsus kiyimlar tikishgan va ularni kiyib, bayram qilishgan. Bu bayramda bolalarning ishtiroki juda faol boʻlgan. Ular Navroʻz bayramida turli ommaviy bayram oʻyinlari oʻynaganlar. Ot oʻyin, chillak, toshoʻyin, lapar aytish va boshqalar. Ushbu tadbirda biz ham mana shu milliylikni ko‘rsatib berishga harakat qildik.









Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.

