Samarqand davlat universiteti yosh dasturchilari ICPC Xalqaro CP turnirining yarim finalida ishtirok etadi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Start-up loyihalarini qo‘llab quvvatlovchi Inkubatsiya markazi rezidentlari ICPC Xalqaro CP turnirining keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Tanlovda Samarqand davlat universitetining yosh dasturchilari uch kishidan iborat 9 jamoa, jami 27 nafar talaba ishtirok etib, 3 jamoa yarim final bosqichiga yo‘l oldi.
ICPC (International Collegiate Programming Contest) xalqaro tanlovi to‘rt bosqichdan: nimchorak, chorak, yarimfinal va finaldan iborat.
Nimchorak saralash bosqichida O‘zbekiston va Tojikiston talabalaridan iborat 150 dan ortiq jamoa ishtirok etib, universitetning 7 jamoasi chorak finalga chiqdi.
Chorak finalda esa 52 jamoa qatnashib, Samarqand davlat universitetining 3 jamoasi (LifePC Group, SamDU Dream Team, SamSU ITEG) 12-13-aprel kunlari Qozoqistonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tadigan yarim finalga qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
- ICPC xalqaro tanlovi jahondagi eng nufuzli algoritmik dasturlash musoboqasidir. Bunda uch kishidan iborat jamoa hamkorlik, ijodkorlik, innovatsiya va tezkorlik qobiliyatini rivojlantirib, real muammolarni hal qilish uchun ishlaydi, - deydi SamDU Dream Team jamoasi sardori, raqamli texnologiyalar fakulteti magistranti Asliddin Sayidqulov. - ICPC xalqaro tanlovida besh yildan buyon ishtirok etib kelaman, har safar chorak finalda kelganda to‘xtab qolardik. Xalqaro IT kompaniyalari, jumladan, Microsoft, Yandex, Telegram, asoschilari g‘olib bo‘lgan tanlovda qatnashish men uchun sharaf. Oldimizda katta maqsadlarni qo‘yganmiz. Nasib qilsa yarim final va finalda g‘alaba qozonib, Samarqand davlat universiteti sharafini munosib himoya qilamiz. Shu o‘rinda bizga dasturlash sohasini o‘rgatib kelayotgan dotsent Fayzullo Nazarov va Zohid Qaytarovga minnatdorchilik bildiraman.
Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi jamoalar yarim finalda g‘alaba qoznishsa, joriy yilning may oyida Qohira shahrida final bosqichida ishtirok etadi.






Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.

