Samarqand davlat universitetida akademiklar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Fiziklar Kengashi raisi, akademik Qodir Gʻulomov va akademik Muhsinjon Ashurov bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva, viloyatimizdagi fizika fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Davra suhbatida akademik Qodir Gʻulomov Samarqand mamlakatimizning asosiy ilm-fan markazi ekanligini, bu azim shahar bilan barcha yurtdoshlarimiz faxrlanishini ta’kidladi. Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekiston Fiziklar Kengashi tuzilganligini, mazkur kengashning asosiy vazifasi yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida fizika fanini o‘qitishni yanada takomillashtirish, uni zamonaviy formatda tashkil etish ekanligini aytib o‘tdi. Akademik maktablardagi vaziyatga to‘xtalar ekan, ayni paytda mamlakatimiz maktablarining 54 foizi fizika fani o‘qituvchilari bilan ta’minlanganini afsus bilan qayd etdi. Shu sababdan ham yurtimiz ziyolilariga murojaat qilib, bor diqqat-e’tiborlarini maktabga qaratishga chaqirdi.
Akademik Muhsin Ashurov 2030 yilga borib, hozirgi ko‘plab kasblarning yo‘qolib ketishi kutilayotganligini, yoshlarga ko‘proq zamonaviy fanga tayangan holda ta’lim berish lozimligini ta’kidladi. Samarqand davlat universiteti muhandislik fizikasi institutining ochilayotganligini alohida qayd etib, ushbu ta’lim maskanini ana shunday yangi kadrlar yetishtiruvchi dargohga aylanishiga ishonch bildirdi.
- Bugungi uchrashuv men uchun ijobiiy taassurotlarga boy bo‘ldi, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumani 17-maktabning fizika fani o‘qituvchisi, “Shuhrat” medali sohibi Kamoliddin Odilov. – Chunki sohaning kelajagi uchun ko‘plab takliflar, fikrlar ilgari surildi, muhokama etildi. Eng asosiy masala sifatida fizika fani o‘qituvchilarining dars jarayonlarini zamonaviy tashkil etish uchun o‘quv-metodik qo‘llanma yaratishga qaratildi. To‘g‘risini aytganda, so‘nggi yillarda fizikani o‘qitishning samarasi ancha pasaydi. Bunga o‘qituvchining ilmiy emas, balki metodik mahoratining doimiy ravishda yangilanib, zamonaviylashib bormasligi sabab bo‘ldi. Bu jarayonlarni yaxshilash uchun bizga faqatgina vaqt lozim. Bugun aynan shu masalani akademik ustozlarimiz bilan muhokama qilib oldik. Ular bizga har tomonlama amaliy yordam berishini, doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida fanni rivojlantirishning noan’anaviy uslublari to‘g‘risda ham fikr almashildi. Samarqand davlat universiteti umumiy fizika kafedrasi professori Obloqul Quvondiqov sohani rivojlantirishning xalqaro standartlarini universitetga joriy etish yuzasidan olib borilayotgan tajribalar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xorijiy amaliyotlarni integrasiyalash fizikani rivojlantiruvchi asosiy omillardan biri bo‘lishini ta’kidladi.
























Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.

