Samarqand davlat universiteti O‘zbekiston tarixi kafedrasida Oksford universiteti professori Aleksandr Morrison bilan onlayn ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mutaxassis olimlar o‘rtasida ilmiy nazariy-metodologik tajriba almashinuv hamda kelgusida ilmiy-amaliy aloqalarni amalga oshirishdir.

        Seminarda XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Markaziy Osiyodagi murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyat, mintaqada imperialistik davlatlar manfaatlarining to‘qnashuvi bilan bir qatorda, mustamlaka boshqaruvning qiyosiy holatlari va boshqa masalalar muhokama etildi.

        - Kafedramiz dunyoning nufuzli Oksford universiteti va olimlari bilan xalqaro hamkorlikni mazkur seminar orqali yo‘lga qo‘ydi, - deydi O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri, dotsent Go‘zal Normurodova. – Hozirda o‘zining “O‘rta Osiyoning Rossiya tomonidan zabt etilishi”, “Samarqandda Rossiya boshqaruvi” kabi kitoblari bilan mashhur bo‘lgan professor Aleksandr Morrison o‘z ilmiy tajribasi, muammoning zamonaviy tarixshunosligi va manbashunosligi to‘g‘risida maʼruza qildi va bu kafedra professor-o‘qituvchilari, doktorantlar hamda magistrantlar o‘rtasida katta qiziqish bilan kutib olindi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati