Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti professor-o‘qituvchilari, magistrant va talabalari Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida bo‘ldi.

    Samarqand davlat universiteti ushbu sanoat korxonasi bilan 2022 yilning avvalida memorandum imzolagan. Unda ishlab chiqarishning malakali mutaxassislarini SamDU professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda muammolar yechimiga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tashkilot ob’yektlarida talabalarning amaliyotini ustoz-shogird an’anasi asosida o‘tkazilishini ta’minlash, yoshlarda ishlab chiqarishning innovasion texnologiyalari bilan yaqindan tanishtirish asosiy maqsad qilingan.

    Tashrif davomida talabalar zavodning ish faoliyati, uning gaz xromotografiyasi laboratoriyasi bilan tanishdilar. Ushbu laboratoriyada polietilen mahsulotini olish, uning zichligini o‘lchash va boshqa turli mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

    - Samarqand davlat universiteti bilan doimiy hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan, - deydi Sho‘rtan GKM ning xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazi boshlig‘i Abdurazzoq Buxarov. – Majmuada mavjud laboratoriya xodimlarining ilmiy-izlanishlarini tashkil etish, ularning malakasini oshirishda universitet bilan birgalikda ishlayapmiz. Ilmiy tajribalar o‘tkazish va kafedralarning ishlab chiqarish bazalarini rivojlantirishda amaliy yordam ko‘rsatish ham muhim vazifalarimizdan biri. O‘ylaymanki, bu aloqalar fan bilan amaliyotning yonma-yon yurishida muhim ahamiyat kasb etadi.

    - Sho‘rtan GKM bilan hamkorligimizning bosh maqsadi talabalarning amaliyotini mazkur majmuada o‘tkazishi uchun kelishuvga erishishdir, - deydi SamDU kimyo fakulteti dekani, dotsent Noryigit Musulmonov. – Bugungi uchrashuvda talabalarimiz korxona laboratoriyasi faoliyati bilan batafsil tanishdi. Ular endilikda amaliyot va ilmiy-tadqiqot faoliyatini Sho‘rtan GKM da o‘tkazish uchun bepul turar-joy va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanadi. Yaqin kunlarda ushbu majmuaga kimyo fakulteti magistrantlarining amaliyot o‘tashi rejalashtirilgan. Yoshlar endi yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishi zarur.

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.