Samarqand davlat universitetiga akademik Bakriddin Zaripov boshchiligida O‘zbekiston Milliy universitetining 12 nafar yosh tadqiqotchisi tashrif buyurdi. Bundan asosiy maqsad Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti faoliyati va ilmiy laboratoriyalari bilan tanishish hamda o‘zaro tajriba almashishdir. Tashrif davomida tadqiqotchilar SamDU dagi zoologiya muzeyi, odam va hayvonlar fiziologiya loboratoriyasi, oranjeriya hamda vivariylar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

    - Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetiga ilk bor tashrif buyurishimiz, - deydi O‘zMU magistranti Shahlo Xo‘jayeva. – O‘zMU bilan taqqosladim. Biz o’rganadigan, bizdan o’rganadigan tomonlar ham bor. Samarqand davlat universiteti talabalariga havasim keldi. Bu yerda yaratilgan imkoniyatlar haqiqatdan ham tahsinga sazovor. Ayniqsa, zoologiya muzeyiga sayohat qilar ekanman, o‘zimni tabiat olamga tushib qolgandek tasavvur qildim. Besh mingdan ortiq noyob kolleksiyadan iborat ilmiy laboratoriya muzeyi meni hayratga soldi. Kelajakda tadqiqotlarimni davom ettirishda Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik qilishga qaror qildim.

    - Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurishimizdan oldin, bu yerdagi sharoitlar haqida rosa qiziqqan edim. Bugun barcha savollarimga javob oldim, - deydi O‘zbekiston Milliy universiteti magistranti Nurshat Murtazayeva. – SamDU dagi zoologiya muzeyi, oranjeriya, vivariylar faoliyatini kuzatar ekanmiz shu kungacha uchratmagan eksponat, o‘simlik va hayvonlar bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldim. Qoyil qolmasdan iloj yo‘q. SamDU da ilmiy ish qilish uchun ajoyib muhit shakllangan. Ayniqsa, ustozimiz akademik Bakriddin Zaripov ta’kidlaganidek, “O‘rta Osiyoda yagona Samarqand davlat universiteti vivariysi”da olib borilayotgan laboratoriya tajribalari biz kabi tadqiqotchilar uchun ulkan maktab vazifasini o’taydi.

Behruz SHAMSIDDINOV

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar