Samarqand davlat universitetida Talabalar bandligini ta’minlash markazi ochildi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Talabalar bandligini ta’minlash markazi ochildi. Uning asosiy maqsadi yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning daromad topishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, ularga to‘g‘ri yo‘nalish berishdan iborat.
Markaz ochilganidan atigi 3 kun o‘tib, 100 dan ortiq talabalar universitetning vakant lavozimlariga, turli davlat tashkilotlari va xususiy tadbirkorlik subyektlariga mehnat qonunchiligi asosida ishga joylashtirildi.
- Bizning asosiy maqsadimiz talabalarni daromadli qilishdir, - deydi SamDU inson resurslarini boshqarish fakulteti dekani, dotsent Shohrux Jo‘raqulov. – Rektorimiz, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning qo‘llab-quvvatlashi, doimiy e’tibori natijasida biz qisqa fursat ichida 100 dan ortiq yoshlarimizni ishga joylashtirishga ulgurdik. Bugun ham mas’ullardan viloyatimizdagi 2 500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari ma’lumotlarini oldik. Endi hozir uni saralab, qaysi korxonada qanday mutaxassisga ehtiyoj borligidan kelib chiqib, fakultetlar miqyosida taqsimlayapmiz.
Talaba ishlaydi, degani u yetarlicha bilim ololmaydi degani emas. Hozirgi kunda yetarli internet va kerakli ilmiy manbalar mavjud. Faqatgina vaqtni yaxshi boshqara olsa, bu uning eng katta yutug‘i bo‘ladi. Yana bir jihati shundaki, talaba o‘z mehnatining qiymatini bilishi kerak. U o‘zining ustida doimiy ishlashi, qay ko‘nikmani shakllantirsa yanada ko‘proq daromad topishi mumkinligi haqida fikr yuritishi lozim. Bu davr mobaynida talabalarimizda eng qimmatli narsa bo‘lgan tajriba ko‘nikmasi shakllanib boradi. Talaba chet tillarini bilishi, unda notiqlik qobiliyati bo‘lishi mumkin. Lekin agar tajriba bo‘lmasa, u o‘z bilimlarini amaliyotda qo‘llay olmaydi. Mazkur davr talaba uchun, xalq tilida aytganda, pishish, yetilish davri bo‘lib xizmat qiladi. Hozirgi vaqtda universitetimiz rahbariyati tomonidan 3 kurs talabalarini ham o‘quv yili davomida amaliyotga 4+2 mexanizmi asosida yuborish dasturi ishlab chiqilmoqda. Ya’ni ular 4 kun davomida nazariy bilim olsa, 2 kun amaliyot o‘taydi. O‘zbekcha ibora bilan aytganda, talaba amaliyotga borgan joyida toshday qotishi kerak. Uning harakati dadil, o‘zi bilimli bo‘lsa, o‘qishdan keyingi ish joyi ham aniq bo‘ldi, deb hisoblayvering.
- Ancha paytdan buyon ish izlab yurgan edim, - deydi SamDU maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi Sevinch Ulasheva. - Shu kungacha ko‘p joylarga ishga joylashish maqsadida murojaat qilgan bo‘lsam ham, hech biridan ijobiy javob ololmaganman, mendan diplom talab qilishgan. Samarqand davlat universiteti Talabalar bandligini ta’minlash markaziga kelib, uchrashganimdan keyin, bir kun ichida o‘zim uchun qulay shartlarda ish topdim. Menga Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi tarmoqlarni boshqarish bo‘limi texnik xodimi lavozimida mehnat qonunchiligi asosida ish berishdi. Hozirda yangi ishimda faoliyat olib boryapman. O‘z ishimga egaligim men uchun ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
- Universitetimizda ilmiy-ijodiy muhit yaxshiligi bois shu dargohda ishlashni niyat qilib yurardim, - deydi psixologiya fakulteti talabasi Javohir Samadov. - Bugun niyatim amalga oshdi. Universitetimizda tashkil etilgan Talabalar bandligini ta’minlash markaziga murojaat qilib, umumiy psixologiya kafedrasi kabinet mudiri lavozimiga ishga qabul qilindim. 3 kun davomida o‘z ishimni o‘rganib, shuni anglab yetdimki, ishim universitetdagi dars jarayonlariga umuman xalal bermayapti. Men o‘z vaqtimni to‘g‘ri taqsimlab, qo‘shimcha ravishda ingliz tilini ham o‘rganyapman. O‘z tengdoshlarimga ham vaqtini tajriba orttirish uchun, ilm olish uchun sarflashini maslahat bergan bo‘lar edim.





Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.

