Amaliy ishlar davri

Talabalar bandligi taʼminlanadi...
Samarqand davlat universitetida mazkur muhim masalaga bag‘ishlangan rektor va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov talabalar bilan bandlik masalasida uchrashuv o‘tkazdi.
- Talabalarning ish topishida turli sarsongarchiliklarning oldini olish, ularni ish bilan taʼminlash maqsadida universitetimizda Talabalar bandligini taʼminlash markazi tashkil etildi, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. – Bu bo‘lim ishlash istagini bildirgan talabalarni mehnat qonunchiligi asosida ishga joylashtiradi. Buning yaxlit bir tizimi yaratilib, tez orada amaliyotga joriy etiladi. Sifatli kadr uchun hamma korxonada ish topiladi. Buning uchun faqat o‘qish kerak. O‘qishda ham baho uchun emas, kelajak uchun o‘qish talab etiladi. Ish bilan taʼminlangan talabaga va ish beruvchiga soliq imtiyozlari joriy etiladi. Sizning ish bilan taʼminlanishingiz uchun barcha imkoniyatlarni yaratamiz.
- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tgan hafta oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilib, masʼullarga vazifalar belgilab berilgan edi. Samarqand davlat universiteti rahbariyatini ushbu vazifalarning ijrosini taʼminlashga darhol kirishgani tahsinga sazovor, - deydi SamDU raqamli texnologiyalar fakulteti talabasi Og‘abek Xoliqulov. – Bugungi yig‘ilishda ko‘rib turibmizki, haqiqatdan ham rektorimiz biz bilan ochiq, samimiy muloqot qilmoqda. Barcha imkoniyatlarni ishga solib talabalarni ish bilan taʼminlash tizimi yaratiladi. Bu kabi holat hali tarixda bo‘lmagan. Buning uchun biz Prezidentimizga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.
Uchrashuv bahs-munozara shaklida davom etdi. Rustam Xolmurodov talabalarni qiynayotgan barcha savollarga batafsil javob berdi. Shuningdek, yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Iroda BEKMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.