Samarqand davlat universiteti 2016-yildan boshlab Turkiyaning ko‘plab oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, Istanbul, Anqara kabi nufuzli universitetlari bilan maqsadli hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

         Shuningdek, joriy yilning yanvar oyida Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar boshchiligidagi delegatsiyaning Samarqandga tashrifi, 2021-yilning noyabr oyida Samarqand davlat universiteti jamoasining Turkiya Anqara universitetiga amalga oshirgan xizmat safarlari ikki mamlakat oliy ta’limi do‘stona munosabatlarining isbotidir.

         Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov Turkiya elchisi Olgan Bekar boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni yangi formatda tashkil etish, uni yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’lim sohasida tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

         - Samarqand davlat universiteti O‘zbekistonning eng qadimiy oliy ta’lim dargohlaridan biridir, - deydi Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda muxtor elchisi Olgan Bekar. – Bu ta’lim maskani bilan Turkiya oliy ta’limining hamkorlik aloqalari juda qadim tarixga borib taqaladi. Hozirgi vaqtda Samarqand davlat universiteti bilan Turkiyaning ko‘plab universitetlari qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etib kelmoqda. Biz ushbu ta’lim muassasasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish niyatidamiz. Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov bilan universitetda Turkiya madaniyat markazini ochish yuzasidan kelishuvga erishdik.

Otabek Sa’dullayev, 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.