Roman yozgan talaba
Samarqand davlat universiteti maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti 3-bosqich talabasi Tozagul Jangaboyeva “Qora kuchlar ortidan” nomli romanning muallifi
Tozagul Jangaboyeva bugungi davr zamonaviy adabiyotining umidli ijodkorlaridan. U nasrning hikoya, roman janrlarida qalam tebratadi. Shuningdek, bo‘sh vaqtida she’rlar yozadi. Tozagul Jangaboyeva “Bahor”, “Oq harirli qiz”, “Kechikish”, “Bag‘ritosh” kabi bir-biridan qiziqarli bo’lgan hikoyalarning muallifi. U “Duel”, “Adabiyot uchqunlari” kabi ijodiy tanlovlarda faol ishtirok etgan. Ijod namunalari respublika va viloyat nashrlarida chop etilgan. O‘tgan yil Tozagul uchun omad va muvaffaqiyatlarga boy yil bo‘ldi. 2021-yil may oyida uning “Qalb tug‘yoni” nomli ilk she’riy to‘plami bosilib chiqqan bo‘lsa, oktabr oyida “Qora kuchlar ortidan” romani nashrdan chiqdi.
Mazkur roman sarguzasht-fantastik janrda yozilgan bo‘lib, unda ijodkorning xayolot olamida yaratilgan Bellovret deb nomlanuvchi afsungarlar akademiyasi va shaytondaralik yovuz kuchlar o‘rtasidagi adovat va kurash aks ettirilgan. Asar davomida ba’zi qahramonlarning hayoti, kechmishi, boshidan o‘tkazgan ko‘rguliklari o‘quvchining rahmini keltirsa, ayrimlarining qabihliklari kitobxonning nafratini qo‘zg‘atadi. Roman bolalar, o‘smirlar va keng kitobxonlar ommasi uchun mo‘ljallangan.
– Ijod – ko‘ngil ishi. Har bir ijodkor qo‘liga qalam olib nimadir yozar ekan, yaratayotgan asari uning ko‘nglida kechgan tug‘yonlarning mahsuli hisoblanadi. – deydi Tozagul Jangaboyeva. – Bolaligimdan beri jahon adabiyoti durdonalarini o‘qishni yoqtiraman. Fantastik janrga qiziqish menda Joan Roulingning “Garri Potter” asarini o‘qish natijasida shakllangan. Jumboqli voqealar ketma-ketligi, ularning sirli va qiziqarli yechimlarini o‘ylab topish hamda uni kitobxonga jonli tarzda tasvirlab berish menga hamisha maroq bag‘ishlaydi. 2021-yilda “Fan bulog‘i” nashriyotida ilk romanim “Qora kuchlar ortidan” bosilib chiqdi. Ushbu hodisa ijodimda juda katta burilish yasadi. Asarning kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingani, ustozlar e’tirofi navbatdagi maqsadlarim sari dadil harakat qilishimga zamin hozirladi. Ayni paytda romanning ikkinchi fasli ustida ishlayapman. Tez orada ikkinchi qismni ham kitobxonlarga havola qilish rejamda bor. Ustozim filologiya fanlari nomzodi, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim kafedrasi dotsenti Gulbahor Rahimova. Hozirda ijod bilan birgalikda ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullanib kelmoqdaman. Joriy yilda Abdulla Oripov ijodi bo‘yicha yozgan maqolam Hindistonda chop etildi. Shuningdek, “Yil talabasi” tanlovida, Zulfiya nomidagi davlat mukofotining saralash bosqichlarida ham faol ishtirok etganman. Kelajakda adabiyotda o‘z o‘rnini topgan, qalami o‘tkir yozuvchi bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi.

